Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dala chetlaridagi yerlarda mahsulot yetishtirish uchun pul ajratiladi

Dala chetlaridagi yerlarda mahsulot yetishtirish uchun pul ajratiladi

Foto: «Xabar.uz»

«Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident qarori (PQ–121-son, 12.04.2023 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligiga dala chetlarida ishlarni to‘g‘ri va sifatli tashkil qilish, yer egalariga ekishdan boshlab mahsulotni realizatsiya qilishgacha bo‘lgan davrda amaliy yordam berish uchun 2023 yilda har bir tumanga 4 nafargacha, jami 672 nafargacha mavsumiy agronomlarni ishga qabul qilishga ruxsat berildi.

Buning uchun Agentlik tizimida qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirishni joriy qilishga mas’ul bo‘lgan direktor o‘rinbosari shtati joriy qilinadi.

Prezident qarori doirasida Agentlikning Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2023 yilda ajratilishi ko‘zda tutilgan 400 milliard so‘m budjet ssudasi hisobidan 100 milliard so‘m yillik 10 foiz stavkada quyidagi maqsadlar uchun sarflanishi belgilandi:

  • dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash;
  • suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatishga 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada qarz ajratish. Bunda, berilayotgan qarz mablag‘lari olinayotgan daromadning 50 foizidan oshib ketishi mumkin emas.

Qarorga ko‘ra, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan quritish sexi va sovitkichli omborxonalarni xarid qilishga 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi, ushbu mablag‘lar:

  • qishloq xo‘jaligi korxonalariga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada ajratiladi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida qishloq xo‘jaligi yerlari atrofida kollektor-drenaj tarmoqlari mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga zovur suvlarida 200–250 boshdan o‘rdak boqish va asalari uyasi tashkil qilish uchun yillik 14 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi.

2023–2025 yillarda Sirdaryo viloyatida foydalanilmay bo‘sh turgan dala chetlari hamda kollektor-drenajlar atroflaridagi 500 gektar maydonda ixcham «ijtimoiy issiqxona»ni tashkil qilinib, «Temir daftar», «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari»ga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga tayyor holda 2,5 sotixdan ajratiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring