Buxoroda «Bukhara City» — shahar ichida shahar quriladi
Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan «Bukhara investment Forum» haqida xabar berib o‘tgan edik. Forum doirasida shaharsozlik rejalari ma’lum qilindi. Unga ko‘ra shahar markazida keyingi uch yil ichida «Bukhara City» – shahar ichra shahar quriladi. Xalqaro forum doirasida o‘tgan anjumanda bu haqda Buxoro shahar hokimi Karim Kamolov ma’lum qildi.
«Bukhara investment Forum»da «Bukhara City» xalqaro ishbilarmonlik va ko‘ngilochar turar joy markazi qurilishi loyihasi taqdim qilindi. Bunda «Zulfiya» , «Sanoatchilar» hamda «Qayum Murtazoyev» ko‘chalari orasidagi 46 gektar maydonda «Bukhara City», ya’ni shahar ichra shahar bunyod etilishi rejalashtirilgan.
— Loyihaning umumiy qiymati 225 million AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha uch yil ichida jahon standartlariga mos ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihani tuzishda eng avvalo, tarix va kelajakning o‘zaro bog‘liqligini, xavfsizlik, yo‘llarda tirband bo‘lmaslik va ilg‘or xorijiy me’morchilik yutuqlarini o‘rganib, qo‘llagan holda barpo etish asosiy mezon qilib belgilangan. Loyihaga ko‘ra, har bir qarich yer hisob-kitob qilinib, 32 ta lotga bo‘linadi. Mehmonxona, muzeylar, kutubxona, biznes markazlari, savdo majmualari, konferensiya zallari, restoran va madaniy markazlar, ko‘p qavatli uylar va sun’iy hovuzlar, favvoralar quriladi, — dedi Karim Kamolov.
Bildirilishicha, «Bukhara City» ning bosh rejasi Turkiyaning «Studio Vertebra» xalqaro miqyosdagi xorijiy arxitektor kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan.
«Bukhara City» ishbilarmonlar va yangi bunyodkorlik hududi qurilishi doirasidagi investitsiyaviy taklif loyihasi hamda viloyatda turizm industriyasiga doir taqdimotlar videorolik orqali namoyish qilindi.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter