Boy mamlakatni ham bir zumda qashshoqlashtirib qo‘yish mumkin
Iqtisodchi Behzod Hoshimov o‘zining telegramdagi kanalida Venesuelada sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealar barcha hukumatlarning xatarli iqtisodiy ishlari uchun o‘rnak bo‘lishi lozimligi haqida post qoldirdi. Shunday boy mamlakatni ham bir zumda qashshoqlashtirib qo‘yish mumkin, deb yozadi u.
Ugo Chaves hukumat tepasiga kelishi bilan barcha kompaniyalarni milliylashtirib, davlat tasarrufiga olgan. Asosiy maqsad — daromadlarni tenglashtirish edi va kapitalist «muttahamlardan» venesuelaliklarning «boyliklarini» olib qo‘yib, teng va adolatli tarqatish edi.
Bundan tashqari, unda neftdan ozod sanoat qurish rejasi ham bor edi. O‘zi, to‘g‘risi, Venesuelaning neft kompaniyasi (Petróleos de Venezuela) 1976-yilda davlatga o‘tgan edi, lekin davlatniki bo‘lishiga qaramasdan, hukumatdan ancha mustaqil qarorlar qabul qilinardi. Chavesning platformasi buni to‘xtatish edi, kompaniyalar davlatga xizmat qilishi kerak vajida hokimiyat tepasiga chiqdi.
Hokimiyatga kelishi bilan eski neft kompaniyasining 18 000 nafar professional ishchilarini haydab, o‘rniga o‘ziga sodiq, lekin ishni bilmaydigan xodimlarni qo‘ydi. Kutilganidek, Chaves kelganidan so‘ng, neft ishlab chiqarish 1999-yildan 2013-yilgacha 25 foizga kamaydi, chunki davlatning neft kompaniyasi iste’molchilar ehtiyojidan ko‘ra, siyosatga asoslangan qarorlarni qabul qildi (pora olish bilan ham shug‘ullandi) va natijada ishlab chiqarish pasayib ketdi.
Neft 1998-yili Venesuela eksportining 77 foizni tashkil etgan edi, 2011-yilga kelib bu raqam 96 foizga yetdi. Neft qazib olish pasayib ketganiga qaramasdan, eksportdagi ulushi tobora o‘sib bordi, chunki mamlakatda boshqa hech narsa ishlab chiqarishning iloji qolmadi.
Sanoatni milliylashtirganidan so‘ng esa ishlab chiqarish 1965-yilgi darajalarga tushib ketdi. Elektrni milliylashtirish esa tarmoqdagi uzililarga olib keldi. Davlatning supermarket va fermer xo‘jaliklarini egallashi oziq-ovqat yetishmovchiligini va keyinchalik esa ocharchilikni keltirib chiqardi. Tovarlarga narx belgilab berish esa tadbirkor va fermerlardan ishlab chiqarishga rag‘batni o‘ldirdi. Bunga javoban Chaves imkoniyatlari darajasidan pastroq ishlab chiqaradigan korxonalar ustidan tekshiruvlar uyushtirdi, bu narsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning korrupsiyalashishiga olib keldiyu, lekin ishlab chiqarish ko‘payib qolmadi, albatta. Shunday qilib, butun mamlakat bugungi kundagi ocharchilikka kelib qolishdi.
Qayta aytib o‘taman, Venesuelada Saudiya Arabistondan ham ko‘proq neft bor, aholisi esa deyarlik teng. Bu darajada ko‘p tabiy boyliklarga ega bo‘lgan mamlakatning aholisi ocharchilikdan qiynalishi hech gap emas ekan va bunga aqlsiz iqtisodiy siyosat kifoya ekan.
Venesuelaning azob-uqubatlaridan neftni inqirozga olib kelganlikda ayblaydigan sharhlovchilar, neftga qaram bo‘lgan boshqa davlatlar nima uchun inqirozga yuz tutmaganini tushuntirishlari kerak. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuelaga qaraganda kamida sakkiz mamlakat ko‘proq neftga tayanadi. Ularning barchasida 2013-2017-yillarda iqtisodi o‘sgan. Agar Venesuela, masalan Chili kabi o‘z xalqiga iqtisodiy erkinlikni ta’minlab berganida edi, odamlar ko‘chalarda och qolishmas edi, deb yozadi iqtisodchi Behzod Hoshimov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter