Bo‘stonliqda qurilayotgan, kattaligi bo‘yicha viloyatda ikkinchi o‘rinda turadigan yangi GES 2024-yili ishga tushiriladi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Pskem daryosiga qurilayotgan «Pskem» GESi 2024-yili ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyiha ko‘ra GES yiliga 404 MVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu haqda «Xabar.uz»ga «O‘zbekgidroenergo» AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, joriy yilning 1 fevral kuni Rossiya Federatsiyasining «Rusgidro» aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari Kirill Frolov boshchiligidagi delegatsiya «O‘zbekgidroenergo» AJda qabul qilingan. Muzokaralar chog‘ida gidroenergetika sohasida ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, rossiyalik mutaxassislar tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Pskem daryosiga qurilayotgan «Pskem» GESida olib borilayotgan loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda «Pskem» GES loyihalarining «Yo‘l xaritasi»ni qisqa muddatda ishlab chiqish, uni amalga oshirish, GES qurilishida yangi innovatsion texnologiyalar va istiqbolli loyihalarni tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi. Muloqot davomida «Pskem» GES loyihalari «Rusgidro» AJ «Lengidroproyekt» AJ bilan hamkorlikda amalga oshirilishi kelishildi. Bu innovatsion loyihalar birinchi navbatda «Pskem» GES qurilish uchun zarur bo‘ladigan zamonaviy zaruriy burg‘ulash jihozlari bilan ta’minlash, texnologik jihozlash hamda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish uchun joriy etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 5 yanvar kuni o‘tkazilgan Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi ma’ruzasida mamlakatdagi elektr ta’minotining istiqboli xususida ham to‘xtalib o‘tgan va Toshkent viloyatida yangi gidroelektr stansiyasi qurilishini hamda yaqin besh yilda elektr energiyasining 32 foizini GESlar ta’minlashini, shunda elektr ishlab chiqarish arzonga tushishini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 2 maydagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturida GES qurish to‘g‘risidagi kelgusi chora-tadbirlar ham belgilab berilgan.
Dasturga muvofiq Chirchiq daryosi havzasida va Chirchiq daryosi oqimi bo‘ylab bir nechta GES qurish rejalashtirilgan. Shulardan biri Pskem GES hisoblanadi.
Pskem daryosi O‘zbekistondagi o‘zlashtirilmagan daryolarning eng yirigi hisoblanadi. Pskem daryosi Oyganing va Maydantal irmoqlarining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan yirik daryo bo‘lib, u to‘liq respublikamiz hududida joylashgan. Chotqol va Ko‘ksuv daryolari quyilishi Pskem daryosini hosil qiladi. Pskem daryosining eng yuqori qismida O‘zbekiston eng yirik Chorbog‘ GES stansiyasi barpo etilgan. Uning quvvati 620.5 MVt, yillik elektr energiya ishlab chiqarishi quvvati esa 2 mlrd kVt.soatni tashkil qiladi. Oqimning pastki qismida ya’ni Chirchiq daryosining kanallari, Chirchiq-Bo‘zsuv suv energetikasi qismlarida 17 turdagi har xil quvvatga ega bo‘lgan GES mavjud.
Pskem GES yirik ob’yektlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Ayni paytda qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur GES ishlab chiqarish quvvatiga ko‘ra viloyat miqyosida Chorvoq GESdan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter