«Bloomberg» nashrida O‘zbekistonning neft va gaz sohasiga bag‘ishlangan maqola chop etildi
«Bloomberg» nashrida O‘zbekistonning neft va gaz sohasidagi islohotlariga bag‘ishlangan «O‘zbekistonda davlat gaz ishlab chiqaruvchisi bo‘linadi» nomli maqola chop etildi. Material kompaniya raisi Bahodirjon Sidiqov bilan bo‘lgan suhbat asosida tayyorlangan.
«Bloomberg» jurnalisti neft va gaz sohasidagi bunday yirik islohotlar jarayonini O‘zbekistonda bir necha o‘n yillar davom etgan o‘zini-o‘zi ixotalash jarayoni yakunlanganiga bog‘laydi. Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko‘p mamlakat ekanligi, sobiq Ittifoq respublikalari orasida tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi uchta yirik davlatdan biri ekanini ta’kidlangan.
«Hukumat qo‘shimcha xorijiy sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirdi, chunki 2025 yilga qadar gaz qazib olish hajmini 17 foizga oshirish maqsad qilib qo‘yilgan», deyiladi maqolada.
«O‘zbekneftgaz» AJ joriy yil oxirigacha uchta alohida kompaniyaga bo‘linadi. Ulardan biri gaz va neft ishlab chiqaradi, neftni qayta ishlash zavodlarini boshqaradi, ikkinchisi neft quvurlarini boshqaradi, uchinchisi esa gazni taqsimlashni nazorat qiladi», -deb xabar bergan «Bloomberg» kompaniya boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqovning so‘zlariga tayanib.
Maqola muallifi Zulfugar Agayev ning ta’kidlashicha, «O‘zbekneftgaz» MXKni qayta tashkil etishdan maqsad neft-gaz sohasi samaradorligini, uning shaffofligini oshirish va xorijiy kapitalni jalb qilishdir.
Nashr shuningdek, O‘zbekistonda xorijiy valyutani liberallashtirish va iqtisodiy ma’lumotlarning oshkoraligini ta’minlash kabi iqtisodiy islohotlarning muhim qadamlari amalga oshirilganini qayd etgan. Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu qarorlari Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan yuksak baholandi.
Maqolada Bahodirjon Sidiqovning gaz taqsimlash tizimida davlat-xususiy hamkorligini joriy etish rejasi haqidagi so‘zlari keltirilib, kelgusi olti yil mobaynida ushbu loyihalar uchun 30 milliarddan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish ko‘zda tutilgani bayon etilgan.
Qayd etilishicha, «O‘zbekneftgaz» AJ 2019 yilning birinchi to‘rt oyi davomida 1,2 mlrd. AQSh dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni (TXI) jalb etgan, bu esa dastlab rejalashtirilgan 550 mln. AQSh dollaridan ikki baravar ko‘p, deganidir.
Nashr kompaniya boshqaruvi raisining so‘zlaridan iqtibos keltirib, «Neft va gaz sohasining yanada ochiq bo‘lishini, xususan, «O‘zbekneftgaz» AJning «Credit Suisse Group AG» va boshqa kompaniyalar bilan taxminan kelgusi yilda 1 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi yevrobondlarni sotishni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani ham tasdiqlaydi», deb yozadi. Ta’kidlanishicha, shu yilning fevral oyida 1 milliard dollarlik yevrobondlar allaqachon sotilgan.
«Bu yil «O‘zbekneftgaz» AJ 43 milliard kubometr gaz qazib olishni rejalashtirmoqda. Umuman olganda, mamlakat gaz qazib olishni 2018 yildagi 60 milliarddan 63,6 milliard kub metrgacha, 2025 yilga borib esa 70 milliard kub metrga yetkazishni mo‘ljallamoqda», deyiladi maqolada. «Lukoyl» YoAJ, «Gazprom» AJ, Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi kabi sohaning dunyoda yetakchi bo‘lgan kompaniyalari bilan faol hamkorlik qilinmoqda. Hukumat topshirig‘iga ko‘ra, «VR PLc» va «Total SA» kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilyapti.
Nashrning qayd etishicha, bugungi kunda mamlakatda gazga bo‘lgan ichki ehtiyoj 40 milliard kubometrni tashkil etadi. O‘zbekiston gazni Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonga eksport qiladi. O‘tgan yili Xitoyga uchta quvur orqali gaz yetkazib berish hajmi 9 milliard kubometrga yetdi va to‘rtinchi liniyani ishga tushirish orqali bu hajmni oshirish rejalashtirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter