Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bizda go‘sht nega qimmat» – yo‘qolib ketayotgan Hisori qo‘y zoti va oraliq nasl haqida

«Bizda go‘sht nega qimmat» – yo‘qolib ketayotgan Hisori qo‘y zoti va oraliq nasl haqida

Foto: agronet.uz

Odamzot yaralgan ilk kunlaridanoq ovchilik orqali go‘sht bilan oziqlangan. Bu mahsulotning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Fiziologlarning ta’kidlashicha, organizmning hayotiy faoliyatini oqsil va uglevod balansi boshqaradi, ya’ni 50:50. Go‘sht bu oqsil, uglevod esa bu shakar va shuning uchun ham bu nisbat buzilsa, tanadagi modda almashinuvi izdan chiqadi. Shu sababli ham go‘shtni to‘yib yegan odam ertasiga yana go‘sht yeya olmaydi negaki, unda oqsil ko‘payib ketgan va tabiiyki, uglevod kamaygan va organizm kechagi ziyofatdan so‘ng ertalab go‘sht emas shakarchoyga ehtiyoj sezadi.

Bobolarimizning aytishicha, uzoq muddat go‘sht yemagan odam kechasi ko‘rmay (shabko‘r yoki Surxon shevasida qorako‘r) qolarkan. Bunday holat 2-jahon urushi paytidagi ocharchilikda yaqqol ko‘ringan. Lekin go‘sht yeyish barcha zamonlardayam oson bo‘lmagan. Chunki uni ovlash yoki yetishtirish kerak va eng yomoni aksariyat hayvonlar bir yilda bir marta va yana ko‘pincha bitta bola tug‘adi. Aslida go‘shtning o‘rnini hech narsa bosolmaydi va hech qachon odamga ziyon ham bermaydi, lekin bunda albatta me’yorni esdan chiqarmaslik kerak. Bobolarimiz (Surxondaryo sharoitida) oldingi zamonlarda dumbayog‘ yoki sariyog‘ni bir kosa ichgani (taxminan 300-500 g) va yosh chavandoz yoki polvon bolalarga ham ichirganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Xo‘sh, nima unda xolesterin yo‘qmidi yoki ular boshqacha odammidi? Yo‘q. Bobolarimiz yog‘ni ko‘proq qishda ichar, qahratonda qo‘y boqar yoki 70 yoshda ham qarsillatib ketmon chopar, natijada tanadagi o‘sha «xolesterin»dan asar ham qolmas edi. Bizga o‘xshab kuchli ovqatdan so‘ng moshinaga yoki telefonga o‘ralashib yotmas edi...

Dunyo bo‘yicha 1 kg go‘shtning o‘rtacha narxi 6 dollar atrofida bo‘lib turibdi va bu rivojlangan, oyligi baland davlatlardayam shunday. O‘zbekistonda ushbu narx 8-9 dollar atrofida, lekin bu qiymat o‘tgan asrning 80-yillarida taxminan 5-6 dollar edi. Demak, go‘sht oxirgi yillarda ko‘tarilib ketdi va buning bir qancha sabablari bor:

1. Aholi salkam 2 baravar ko‘paydi.

2. Aholining xarid qobiliyati kuchaydi.

3. Go‘sht yeyish urfga kirdi, 80-yillarda biror viloyatdagi oshxonada qovurilgan go‘sht sotilmas edi, hozir turli «brendlar» yurtimizning hamma burchagida bor. (Men ilgari surxondaryoliklar Toshkent va vodiy bilan integratsiya kuchayib, «go‘shtga ekonomichniy» bo‘lib ketadi deb o‘ylar edim, lekin mayatnikning teskari harakatiga o‘xshab, bu odat ham teskari reaksiya berdi, ya’ni surxondaryoliklar go‘sht yeyishni kamaytirmadi, balki Toshkent va vodiyliklar ham go‘shtxo‘r bo‘lib qoldi... Vodiyga Surxondaryodan qishda «damas-damas» qo‘y dumba yog‘i ketganligini bilaman).

4. Davlat chorvalari bo‘lgan yirik go‘shtchilik komplekslari, barcha yerlarda bo‘lgan kolxoz-sovxozlarning tugashi bilan ulardagi chorvachilik fermalari va boshqa chorva tarmoqlari batamom yo‘q bo‘lib ketdi.

5. Chorva mollari soni davlat tomonidan nazorat qilinar edi, hozir esa vaziyat boshqacharoq.

6. Baliqchilik yetarlicha rivojlantirilmadi va bu narsa ham go‘sht narxiga yomon ta’sir qildi (o‘tgan asrda dengiz baliqlari keltirilar va «rejaga ko‘ra, chetverg – ribniy den» edi. Masalan, o‘sha paytlar Termizda 1 kg mol go‘shti 5 so‘m (taxminan 5 dollar), tirik baliq (sazan) 1 so‘m edi, hozir esa mol go‘shti 90-100000 so‘m (lahm) baliq 60000so‘m).

7. Chorva fermerlarga yer berilmadi, berilganiga ham mahalliy hokimiyat tomonidan paxta yoki g‘alla ekish majburiylashtirildi.

8. Chorvaga ozuqa ko‘tarilib ketdi (hozir mavsum payti g‘alla dalasi boshidan presslangan 1 dona somon bog‘ini 15-20 000 so‘m olasiz. Aslida somon mol uchun 1 tiyinga qimmat ozuqa. Beda esa 30-35000 atrofida).

9. Yem yoki konsentrat ozuqa narxi oshib, sifati tushib ketdi va buni hech kim nazorat qilmaydi (yemga ohak, qum, tuproq, tosh, dag‘al xashaklar kukuni , Xorazmdan keltirilgan va chorvaga ziyon keltiruvchi modda – sholi doni qipig‘i va hokazolar qo‘shilyapti).

Yuqoridagilardan tashqari, chorvachilik tizimlashgani yo‘q, haliyam o‘tish davrida yuribdi. Masalan sobiq ittifoq davrida oqsab ishlasayam, tizimlashgan edi. O‘sha paytda zotlar ham yetarlicha rivojlanishda turgan edi. Masalan, Shvits, Karpat, qozoqi oqbosh, qora-ola va boshqa shu kabi zotlar olib kelinib, mahalliy zotlar bilan chatishtirilib, barqaror oraliq zotlar yaratilgan edi. Biz mustaqillik davrida o‘sha chorvani saqlab qola olmadik.

Ma’lumot uchun: Germaniyada bitta sigir bir yilda (chorvachilikda shartli ravishda bir laktatsiya davri, ya’ni 305 kun 1 yil deb olinadi, chunki sigir 365 kun sut bermaydi va sababi u ham keyingi yilga yana bola tug‘ishi uchun tayyorgarlik ko‘rishi kerak) 8000-10000 (kuniga 30-35l), Isroilda 12000(kuniga 40l) l gacha sut olyapti. 90-yillarda bizda, ya’ni 2900 l(9-10l) gacha sut olingan (SSSR davrida xalqning qoni bilan yaratilgan bu oraliq zotlar yo‘q bo‘lib ketdi), hozir qishloqlardagi sigirlar o‘rtacha 1 kunda 6 l sut beryapti va bu 1 yilda o‘rtacha 1800 l atrofida bo‘ladi.

Baliqchilikdayam ishimiz yaxshi emas, bunga dabdabali ma’lumotlar bilan emas, balki bozordagi narx-navo bilan qarash kerak. Faqatgina tovuqchilik va tuxum yetishtirishdagina oldinga siljish bor deyishimiz mumkin (buning uchun «Samarqand maktabi»dan minnatdor bo‘lishimiz lozim).

Xo‘sh «Yechim» qayerda?

Qoramolchilikda go‘sht, sut va sut-go‘sht yo‘nalishiga ixtisoslashgan mahalliy sharoitga moslashgan oraliq zotlarning yo‘qligi yoki kamligi va qo‘ychilikda go‘sht-yog‘ga ixtisoslashgan Hisor qo‘y zotining aynib ketganligi, ya’ni uning zotiga «qon quyilmaganligi»dan yillar mobaynida kichrayib ketganligi (Surxondaryoda 200 kg tirik vaznga ega qo‘chqorlarni uchratish mumkin va bu bitta qo‘y 120kg go‘sht beradi deganidir) bozorlarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tahlillarimizning oxirida muammoni mutaxassis sifatida quyidagicha yechish mumkin deb o‘ylayman:

⦁ Go‘shtga ham paxta yoki g‘allaga o‘xshash birinchi navbatdagi strategik mahsulot deb qarash va eski tushunchalardan voz kechish kerak;

⦁ Paxtaga, g‘allaga ajratilgan suvli yerdan chorvaga ham ajratilishi kerak, ya’ni unutilgan almashlab ekishni yo‘lga qo‘ysak, yer ham kuchayadi (faqat ustimiz but va qornimiz to‘q bo‘lishi uchun non bo‘lsa bo‘ldi deb emas, go‘shtni ham sutni ham o‘ylaydigan payt keldi, sut ham bozorimizda 8-9 ming so‘m);

⦁ Qoramolchilik bo‘yicha alohida (masalan, Samarqandda), Hisor qo‘y zoti uchun alohida (bu zotning vatani va qulay joy bo‘lgan Surxondaryoda) ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilish va yo‘qotilgan qoramolning oraliq zotini tiklash hamda Hisor zotini rivojlantirish kerak (tabiiyki bu institutlar xalqning qo‘lidagi chorva naslini yaxshilashni ham o‘ylashi lozim);

⦁ Chorvachilik bo‘yicha yagona mutaxassislar bo‘lgan veterinariya xodimlarini qisqartirish emas, qo‘paytirish va ish haqini ham oshirish kerak (uchastka «mol do‘xtur»lari 2 million atrofida oylik olishadi)...

Qarshiyev Xikmatilla Quvvatovich
«Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy kotibi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring