Besh yil ichida O‘zbekistonga kelayotgan turistlar soni ikki barobarga oshdi
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar va ularning asosiy natijalari o‘rganildi.
2017-2022-yillarda O‘zbekistonga kelgan chet ellik sayyohlar soni deyarli 2 barobar oshdi. Agar 2017-yilda ularning soni 2,7 million nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 5,2 million nafarga yetdi.
2022-yilda O‘zbekistonga sayyohlar asosan Qozog‘iston (1551,1 ming kishi, 2017 yilda 1783,8 ming kishi), Tojikiston (1447,8 ming kishi, 2017-yildagiga nisbatan 5,5 barobar ko‘p) va Qirg‘iziston (1356,9 ming kishi, 2017-yildagiga nisbatan 3,6 barobar ko‘p) dan kelgan.
Xorijlik sayyohlarning asosiy qismi, aniqrog‘i 89,1 foizi O‘zbekistonga o‘z qarindoshlarini yo‘qlash maqsadida kelgan. Ularning aksariyati Qozog‘iston (31,8%), Qirg‘iziston (29,2%) va Tojikiston (27,9%) fuqarolaridir.
Dam olish va hordiq chiqarish maqsadida O‘zbekistonga eng ko‘p chet ellik fuqarolar Rossiya (37,6%), Qozog‘iston (11,2%) va Turkiyadan (6,3%) kelgan.
Ma’lumot uchun: Dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Qozog‘istonga 26 ta, Turkiyaga 41 ta, Gruziyaga esa 56 ta mamlakat fuqarolari vizasiz kela oladi.
2022-yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 2021-yildagiga nisbatan 3,4 million kishiga ko‘p bo‘ldi va o‘sish 2,8 barobardan ham ortiqni tashkil etdi. Buning natijasida turizm xizmatlari eksporti sezilarli darajada oshdi. 2017-yilda turizm xizmatlari eksporti 546,9 million AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 2,9 barobar oshib, 1610,5 million dollarni tashkil etdi.
2017-2022-yillarda xizmatlar eksportining umumiy hajmida turizm xizmatlari eksportining ulushi 1,8 barobar oshdi. Agar 2017 yilda bu ko‘rsatkich 22,1% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 40,7% ga yetdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter