Ayrim kimyo zavodlarining davlat ulushi xususiy investorlarga sotiladi
O‘zbekiston Respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq 2018-2030-yillarda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni 4,5 barobarga oshirish, «O‘zkimyosanoat» AJ faoliyatida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, boshqarishda zamonaviy usullarni joriy qilish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida:
- «Farg‘onaazot» AJ va «Qo‘qon superfosfat zavodi» AJni xorijiy investorlarga sotish maqsadida 2018-yil 30-dekabrga qadar ushbu jamiyatlarning aktivlari mustaqil baholanadi;
- Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodini qurish bo‘yicha kimyo sohasida tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida shartnoma tuziladi;
- Navoiy viloyatida fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish kompleksini qurish bo‘yicha 2019 yil avgust oyiga qadar xorijiy tashkilot tomonidan investitsiyaviy loyihani amalga oshirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi;
- «Samarqandkimyo» AJ, «Elektrkimyozavod» QK AJ va «Jizzax plastmassa» AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi va «O‘zkimyosanoat» AJ ulushi, shuningdek, «Farg‘onaazot» AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiy investorlarga bozor qiymatida sotiladi;
- «O‘zkimyosanoatloyiha» AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi nominal qiymatda va «Navoiy KMK» DKning Qizilqum fosforit kombinati mulk kompleksi qoldiq balans qiymatida «O‘zkimyosanoat» AJ ustav kapitaliga davlat ulushi sifatida kiritiladi;
- «Farg‘onaazot» AJning 3-son sanoat maydonchasidagi umumiy maydoni 6,5 gektar bo‘lgan foydalanilmayotgan ob’yektlar (sexlar, ob’yektlar va ularga tutash hududlari bilan) «nol» qiymatida sotiladi;
- 2020-yildan boshlab «O‘zkimyosanoat» AJ tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan yillik moliyaviy hisobotlar e’lon qilish va ularni Xalqaro audit standartlari va Xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlariga muvofiqligi yuzasidan tashqi auditdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter