Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Agrobank», «Mikrokreditbank» va Xalq banki filiallariga 500 mlrd. so‘m yetkazildi

«Agrobank», «Mikrokreditbank» va Xalq banki filiallariga 500 mlrd. so‘m yetkazildi

Foto: «Xabar.uz»

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratilishi ko‘zda tutilgan 1 trln. so‘mdan, birinchi bosqichda 500 mlrd. so‘m miqdoridagi resurs banklarning joylardagi filiallariga yetkazildi.

Prezidentning 2020-yil 20-maydagi  «Har bir oila – tadbirkor» dasturini moliyalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida «Agrobank», «Mikrokreditbank» va Xalq bankiga O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratilishi ko‘zda tutilgan 1 trln. so‘mdan, birinchi bosqichda 500 mlrd. so‘m miqdordagi resurs ajratildi hamda mazkur banklarning joylardagi filiallariga yetkazildi.

Mablag‘larni o‘zlashtirish darajasidan kelib chiqqan holda jamg‘arma hisobidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida yana 500 mlrd. so‘m ajratilishi belgilangan.

Joriy yilning 1-iyunidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida kreditlar ajratish bo‘yicha soddalashtirilgan mexanizm joriy etildi.

Xususan:

  • mahsulotlarni yetkazib beruvchi (xizmatlar ko‘rsatuvchi) ta’minotchilar ro‘yxatini tasdiqlash amaliyoti bekor qilinishi va faqat naslli chorva mollari (qoramol, qo‘y, echki) yetkazib beruvchilar ro‘yxati ularning yetarlicha imkoniyatlari mavjudligi inobatga olingan holda tasdiqlanishi;
  • tuman sektori rahbarlari o‘zlariga biriktirilgan hududlarda kredit olish istagini bildirgan shaxslarning tadbirkorlik tashabbuslarini o‘rganib, ularni moliyalashtirish uchun tavsiyanoma berishi;
  • bazaviy hisoblash miqdorining 1000 barobarigacha kredit ajratishga viloyat markazlari tomonidan xulosa berilishi talab etilmagan holda, tuman (shahar) markazlarining xulosalari qabul qilinishi hamda ushbu xulosalar tuman (shahar) hokimlarining birinchi o‘rinbosari va tegishli bank filiali boshqaruvchisi tomonidan belgilangan tartibda ma’qullanishi yetarli ekanligi;
  • kredit mablag‘lari qarz oluvchilar tomonidan erkin tarzda tuzilgan shartnomalarga asosan mahsulot va uskuna yetkazib beruvchi (xizmat ko‘rsatuvchi)ning hisob raqamiga o‘tkazib berilishi belgilandi.

Endilikda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida kreditlar ajratishda tuman Markazlari tomonidan xulosalar hudud uchun belgilangan resurs mablag‘lari doirasida berilishi, dastur doirasida ajratiladigan mablag‘larning:

  • 70 foizi kafolatlangan yangi ish o‘rinlari yaratishni ko‘zda tutuvchi kichik va o‘rta biznes loyihalariga,
  • 30 foizi ustuvor ravishda uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilish, xususan, aholining tomorqasidan unumli foydalanish hamda uy sharoitida hunarmandchilikni rivojlantirishga yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda.

Kreditlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda va kambag‘allikni qisqartirishda hissasi yuqori bo‘lgan (ustuvor ravishda ijtimoiy himoyaga muhtoj va ishsiz fuqarolarni daromadli mehnat hamda yangi ish o‘rinlari bilan band qilishga qaratilgan) loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltirilishiga hamda ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi va samaradorligi ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring