«Katta og‘a» uchun 900 million — ozmi-ko‘p? (infografika)
Dunyoning taqdiriga o‘zini «javobgar» deb hisoblovchi va salkam bir asrdan beri «katta og‘a» bo‘lishga intilib kelayotgan AQSh o‘tgan yili qochoqlarga yordam uchun 900 million dollar ajratdi. Salkam bir milliard... AQSh — BMTning qochoqlar masalalari oliy komissariatiga eng ko‘p badal puli to‘lagan davlat. Yevropa ittifoqi esa 415 million pul bilan ikkinchi o‘rinda.
Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Agarda har bir mamlakat qilgan xayriya o‘sha mamlakatning har bir fuqarosi nomidan qilingan xayriya deb hisoblansa boshqacharoq manzara kelib chiqadi. BMT qochoqlar masalalari oliy komissariati ana shu holatdan kelib chiqib, Lyuksemburgni qochoqlar uchun eng saxovatpesha mamlakat deb e’tirof etdi. O‘z nomiga mos bu mitti davlatni (qadimgi nemis tilida Lyuksemburg, ya’ni «Lucilinburch» — «kichik shahar») AQSh tugul bironta shtati bilan ham solishtirish har jihatda o‘rinsiz.
Qo‘li ochiq davlatlar reytingida Norvegiya ikkinchi, jami 290 million dollar (aholi jon boshiga 4 dollardan) to‘lagan Germaniya uchinchi o‘rinda. Finlyandiya, Niderlandiya va AQSh esa har bir fuqarosiga hisoblaganda 3 dollardan yordam puli ajratgan. Birinchi o‘rin — Lyuksemburgniki. Undan o‘tish uchun Amerika 5 milliarddan voz kechishi kerak...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter