Yopishmagan «gajaklar»: kursingiz baland bo‘lsayam pastroqqa tushing, G‘iyosov!
Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi – axborot siyosati bo‘yicha maslahatchi Shohrux G‘iyosov yana jamoatchilik e’tibori markazida. «O‘pkasi o‘zidan uch metr oldinda yurishi» bilan tilga tushgan polkovnik bu safar ham «o‘z uslubiga sodiq qolishi» natijasida yana ko‘pchilikni o‘ziga qaratib turibdi.
Nafaqat Shohruh G‘iyosov, umuman hamma matbuot kotiblarini tushunish mumkin: ular uchun sohaga taalluqli, biroq haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlarga o‘z vaqtida raddiya berib, vaziyatga oydinlik kiritishdan yoqimsizi yo‘q. Biroq bundan yozg‘irish ham noo‘rin: vazifangiz shu, yo jimgina ishingizni qiling yoki joyni boshqaga bo‘shatib qo‘ying...
Yarim yilcha avval Surxondaryoda bir fuqaroni ichki ishlar xodimlari qiynoqqa solganiga oid xabarlar paydo bo‘lishi ortidan vaziyatga oydinlik kiritishga uringan IIV matbuot kotibi yaxshigina qovun tushirgandi. Ya’nikim, marhumga «Xudo urgan, betayin shaxs», deya «ta’rif» berib, buning oqibatida jamoatchilikdan tanqid, vazirdan dakki eshitganini o‘zi unutsa unutgandir, illo ko‘plarning yodidan ko‘tarilgani yo‘q hali.
Shohrux G‘iyosov yaqinda yana ko‘rinish berdi. Bu safar ham mavzu o‘sha: «ayrim ijtimoiy tarmoqlar faollari»ning «qonunlarni buzib, turli tekshirilmagan, noxolis va umuman yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish»da davom etayotganidan yozg‘irgan IIV matbuot kotibi tap tortmay ularni «nopoklar» (!) deb aytaydi. So‘ng shu mazmundagi (ya’ni, ichki ishlar xodimlarini obro‘sizlantirishga xizmat qiladigan) bir emas, uchta xabarga birma-bir raddiya beradi.
Biroq hozir gap raddiya yoki unga sabab bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar haqida emas. Gap, polkovnik G‘iyosovning o‘zini tutishi, pisandalari, iddaolari-yu muddaolari haqida.
Matbuot kotibining tizim xodimlari mavqeini kuyib-pishib himoya qilayotgan tushunarli (bu bilan IIB xodimlari obro‘si oshib qolmayotgani alohida mavzu). Biroq uning po‘pisa va pisanda ohangida gapirishi, go‘yoki bunday xabarlar tarqatish bilan «kimlarningdir buyurtmasini bajarayotgani»ga oid bashoratlari o‘quvchilarga nisbatan hurmatsizlikdan boshqa narsa emas.
Matbuot kotibi – kichkina lavozim emas. Bunday lavozimni band qilib turgan shaxs avvalo bahs odobiga rioya qilib, yuksak professional ekanini namoyish etmog‘i kerak. Rost, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga oid tanqidlar oz emas. E’lon qilinayotgan tanqidlarni yoppasiga asossiz deb bo‘lmaydi. Prokuratura, Sudyalar oliy kengashi yoki Oliy sud matbuot kotiblari ham vaqti-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlarga nisbatan raddiyalar e’lon qilib turadi. Biroq ularda, Sh. G‘iyosovdan farqli ravishda, na jazava ohangi, na po‘pisa, na-da asabiylikni sezasiz!
Iqtidoridan iddaosi baland ekanini tap tormay namoyish etib kelayotgan IIV matbuot kotibi hamkasblaridan o‘rnak olsa, chakki bo‘lmasdi.
Eng qizig‘i va achinarlisi, lavha oxiridagi yopishmagan «gajak»da! Unda IIV matbuot kotibi xodimlari bilan «kichik sahna ko‘rinishi» uyushtirishadi... Ya’nikim, xodimining avvaldan kelishilgan «Nega bular (?) ko‘chada militsiyani yomonlaydi doim?» degan savoliga G‘iyosov shunday javob beradi: «Militsiyani faqat shakallar va g‘alamislar yomonlaydi!». «Qolganlar-chi?». «Qolganlar duo qiladi, militsiyaga ishim tushmasin, deb...».
Bu bilan nima demoqchisiz? Oshirib yubormayapsizmi? Nima, siz xizmat qilayotgan tizim tanqiddan xolimi? Sizni va siz xizmat qilayotgan tizim xodimlarini o‘z soliqlari bilan boqayotgan odamlarga nisbatan bunday hurmatsizlik qilishga kim huquq berdi sizga?
Aytganingizdek, odamlarning «militsiyaga ishim tushmasin» deb, duo qilishi rost. Savol: bu duo zamirida IIB xodimlariga nisbatan ishonch yotadimi yoki ishonchsizlik?
Yastanib o‘tirgan kursingiz baland bo‘lsayam, sa-al pasroqqa tushing-e, G‘iyosov!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter