Yirik tadbirkor uning biznesini tortib olish uchun «sxema» ishlab chiqilganini da’vo qilmoqda
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan yirik tadbirkor Jahongir Umarov kaltaklangani haqida internet nashrlarda tarqalgan ma’lumotlarni rad etgan edi.
IIBB xabarida joriy yilning 22-yanvar kuni Umarov ishlaydigan ofisda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar chog‘ida, uning yonidan umumiy og‘irligi 10,22 gramm bo‘lgan «ko‘knor» giyohvandlik moddasi aniqlangani va musodara qilingani hamda ushbu holat yuzasidan jinoiy ish ochilgani aytilgandi.
«UzNews.uz» nashri yana ushbu mavzuga qaytdi va navbatdagi e’lon qilingan maqolada tadbirkor Jahongir Umarovning «biznes»ini tortib olish uchun «sxema» ishlab chiqilgani ta’kidlanmoqda. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, biznesini tortib olish maqsadida uni jinoyatchiga chiqarishmoqchi.
O‘zbekistonda yog‘-moy mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish bo‘yicha yirik tadbirkor bo‘lgan Jahongir Umarovning huquqlari «oyoq osti» qilinmoqda. U avval Jinoyat kodeksining boshqa moddasi bilan, keyinchalik esa mutlaqo boshqasi bilan ayblanmoqda, — yozadi nashr.
Nashr muxbiri Jahongir Umarovga nisbatan o‘tkazilayotgan sud tergovi jarayonida qatnashib, voqealarning navbatdagi tafsilotlaridan boxabar bo‘ldi.
Jumladan, Toshkent shahar Olmazor tuman Jinoiy ishlar sudida, sudya Zafar Bobonov raisligida o‘tkazilgan 24-iyul kunidagi sud majlisida guvohlar so‘roq qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan Jahongir Umarovning «kaltaklangani» voqeasi sud majlisida ham ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Jumladan, o‘z qo‘li ostidagilarning «reja»siga ko‘ra biznesidan ajrab borayotgan Jahongir Umarovga nisbatan bu safargi «zarba» ancha og‘ir bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi tartibini buzganlikda gumon qilinib, 2018-yilning 22-yanvar kuni qo‘lga olingan Jahongir Umarov Toshkent shahar IIBB vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga keltirilgan.
Sud majlisida aynan mana shu hibsxonada faoliyat yuritadigan, Jahongir Umarovni shaxsan taniydigan uch nafar IIBB xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, Jahongir Umarovning tana qismida turli darajadagi tan jarohatlari alomatlari bo‘lgan va ular tan jarohatlari yaqqol ko‘rinib turganiga qaramasdan tibbiy ma’lumotnomasiz Jahongir Umarovni hibsxonaga qabul qilishgan. Suddagi mavjud hujjatlarda esa aynan Jahongir Umarov keltirilgan kuni tibbiy ma’lumotnoma bo‘lmagan.
Negadir Jahongir Umarov 25-yanvar kuni shifoxonaga olib borilib, uning sog‘ligi borasida tibbiy ma’lumotnoma olingan.
Sudga chaqirilgan yana bir guvohning so‘zlariga ko‘ra esa, uning Toshkent shahar IIBB JQBda faoliyat olib boradigan Fathiddin Nuriddinov ismli mahalladoshi Jahongir Umarovning ofisiga borib «teatr» ko‘rsatishi, bu ko‘rsatgan «aktyorlik» mahorati uchun unga 50 ming so‘m berilganini tan oldi.
«Xizmat vakolatidan chetga chiqqan» Toshkent shahar IIBB xodimiga nisbatan tegishli tartibda IIBB rahbariyati chora ko‘rgani yoki ko‘rmagani borasida hozircha bizda aniq ma’lumot yo‘q, deyiladi ma’lumotida.
Advokatlar sudga raislik qilayotgan Zafar Bobonovga, navbatdagi sud majlisida ushbu ishni tergov qilgan IIBB tergovchisini guvoh sifatida so‘roq qilish uchun sudga taklif qilish borasida iltimosnoma bilan murojaat qilishdi.
«UzNews.uz» nashri ushbu holat yuzasidan muxbiri sud majlislarida qatnashish barobarida mustaqil tarzda jurnalistik surishtiruv ham olib borishini va tez kunda voqealarning asl sababi, Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlashni va’da bergan tadbirkorni «batamom yo‘q qilishga» kirishganlar asli kimlar ekanligini oshkor qilishini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter