Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yashirincha naqd valyuta olib chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarolari ushlandi

Yashirincha naqd valyuta olib chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarolari ushlandi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan respublikamiz bojxona chegaralari orqali naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o‘tilishiga doir navbatdagi holatlar fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, «Oybek» chegara bojxona postida piyoda ravishda chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi N.R. yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilingan 5 ming AQSh dollaridan tashqari yana bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan 5 ming AQSh dollarini yashirincha olib o‘tayotgan paytda to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, «G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona postida respublikamizdan chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi Z.X.ning bezovtalanishi bojxonachilarda shubha uyg‘otdi. Shundan so‘ng, ushbu ayol xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, u ichki kiyimlariga yashirgan holda 5736 AQSh dollarini olib chiqmoqchi bo‘lgan vaqtda to‘xtatib qolindi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 000 AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Chet el fuqarolari esa O‘zbekistonga kirish chog‘ida olib kirgan miqdordagi naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqib ketishlari mumkin.

Belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun Markaziy bankning hududiy boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar talab etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring