Yana «Qodirov ishi» haqida. «Oliy sudning izohi»ga izoh shartday...
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi kuni kecha sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirovga nisbatan tayinlangan jazoga izoh berdi. (Ma’lumingizkim, R. Qodirov 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinganidan tashqari eng kam ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosiga ham mustahiq etilgan).
Izoh mazmunicha, ayrim ommaviy axborot vositalari va turli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining jazo go‘yoki yengilroq bo‘lgani xususidagi gap-so‘zlar asossiz. Hammasi qonun doirasida bo‘lgan. Shuningdek, alohida ta’kidlanadiki, R. Qodirovga nisbatan tayinlangan jazo bilan xalq orasida «Ahmadboy nomi bilan tanilgan A. Tursunboyevga berilgan muddatni («Ahmadboy» 14 yilga «kesilishi»dan tashqari yana eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida jarima jazosiga ham tortilgan) taqqoslab, turlicha xulosa chiqarish ham noo‘rin. «Ahmadboy»ning «ishida 12 mingga yaqin jabrlanuvchi qatnashgan hamda u qilmishiga yarasha jazo olgan. Rashid Qodirovga bog‘liq holat umuman boshqacha. Sud hukmi chiqqan paytda R. Qodirov oltmishdan o‘tib bo‘lgan. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismiga ko‘ra: «Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas». Demakki, R. Qodirovga 10 yildan ortiq muddat berilishini qonun ko‘tarmaydi.
Oliy sud izohining mazmuni shu. Tushunarli.
Shunga qaramay «Qodirov ishi» bo‘yicha chiqarilgan hukmning izohtalab boshqa nuqtalari ham borday. Bu haqda o‘tgan kungi maqolada qisman so‘z borgandi. Kechagi izohdan so‘ng yana qator savollar tug‘ildiki, «Qodirov ishi» bo‘yicha, mayli, nomi aytilmasin, necha nafar va qaysi toifadagi shaxslar jaburlanuvchi bo‘lib o‘tgan? Shuningdek, jinoiy guruhning ayrim a’zolari sud zalidan ozod etilgani ham aytilmoqda. Shu mazmundagi gaplar qanchalar asosli? Agar rost bo‘lsa, «og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan»likda ayblangan guruhning qaysi a’zolariga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi? Va qanday asoslarga ko‘ra?
Guruh a’zolari olgan poralar, yetkazgan zararlar miqdori-chi?
Zararlarning qanchasi qoplangan-qoplanmagani haqidayam jamoatchilikka ma’lumot berilishi ortiqchalik qilmasdi.
Yana bir gap. Sobiq Bosh prokuror va boshqalarga nisbatan hukm chiqqaniga ikki kun bo‘ldi. Demak, hukm hali qonuniy kuchga kirgani yo‘q. Unga (hukmga) nisbatan sudlanuvchilar shikoyat berishi ehtimoli ham yo‘q emas. Shunga qaramay Oliy sud mazkur izohi bilan hali kuchga kirmagan hukmni avvaldanoq tasdiqlab qo‘ymayaptimi? Bu hol qonun qarichiga to‘g‘ri keladimi? Bu bilan Oliy sud jinoyat qonunchiligining eng oddiy qoidasini qo‘pol ravishda buzmayaptimi?
Demak, yuqoridagi izohtalab savollardan tashqari kechagi izohga ham izoh berilishi kerakday...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter