Yana Munisa Rizayeva haqida. Yoki «Upl.uz» tushirgan «qovun»ga «Xabar.uz» mas’ul emas
Kecha saytimizda xonanda Munisa Rizayevaga oid kulchadekkina xabar bosilgandi. Ya’nikim, unda yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun belgilangan jarimani vaqtida to‘lanmagani sabab MIB xodimlari M. Rizayeva tegishli «BMW X7» rusumli qimmatbaho mashinani xatlamoqchi bo‘lgani, biroq tegishli to‘lovlar amalga oshirilgach, hammasi joyiga tushgani haqida so‘z yuritilgandi. Bor-yo‘g‘i oddiy xabar. Ammo uning qahramoni taniqli xonanda bo‘lgani e’tibor tortishi ehtimolidan saytga joylashtirilgandi deng.
Kechga borib, M.Rizavaning ma’muri Dilmurod Sattorov biz bilan aloqaga chiqib, xabar noto‘g‘ri ekanini, iloji bo‘lsa, uni saytdan olib tashlashni biroz hayajon bilan iltimos qildi.
Ajab, ixtiyorimizda hamma dalillar bor, shunday ekan, xabarning nimasi noto‘g‘ri?
Ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan qisqa bahsdan so‘ng vaziyatga oydinlik kirdi.
Ma’lum bo‘ldiki, boshqa manbalarda chiqqan materiallarni o‘zlashtirib, go‘yoki o‘ziniki qilib berish hadisini olgan «Upl.uz» sayti bu safar ham tarki odat qilmabdi. Ya’ni, «Xabar.uz»da chiqqan materialni sovutmay ko‘chirar ekan, matn ma’nosini buzib, MIB xodimlari xonandaning mashinasini «musodara qilishga urindi» tariqasida chop etgan. Ma’murning (katta ehtimolki xonandaning ham) fig‘oni falakka chiqqayotganining sababi shunda: «Bir yarim million so‘m jarima uchun falon (aytilgan raqamni yozmadik - tahr.) dollarlik mashina musodara qilinmaydi-ku, oka?!»
Ma’murning e’tirozi to‘g‘ri. Biroq bu e’tiroz bizga emas, ko‘chirmachi «Upl.uz»ga taalluqli. Zero, «Xabar.uz»da chiqqan materialda «musodara» haqida birorta so‘z yo‘q, balki gap «xatlash» xususida ketgan, xolos. (Har tugul, mulk musodarasi faqat va faqat sud qarori bilan amalga oshirilishini yaxshi bilamiz). Ma’murning qo‘shimcha qilishicha, jarima xati ularning qo‘liga vaqtida kelib tushmagan, to‘lov kechikkanining sababi shunda. Ayni paytda jarimalar to‘langan, hech qanday muammo yo‘q.
Yana ikki og‘iz gap. «Upl.uz» sayti voqelikdan so‘ng darhol xonandadan uzr so‘rashga tushib, «Munisa Rizayevaning mashinasi musodara qilinishi ehtimoli haqidagi xabarlar yolg‘on (feyk) bo‘lib chiqdi», deya jar solibdi. Va odatiga xilof ravishda bu safar bizning saytga havola ham beribdi. Bekorlarni aytibsiz, jo‘ra! «Xabar.uz»da chiqqan material hech qanday feyk-meyk emas, balki sizning hatto ko‘chirmakashlikdagi no‘noqligingiz suvni loyqalatdi, xolos. Eng yomoni, «...feyk bo‘lib chiqdi», deya «Xabar.uz» tuhmat qilibsiz, buning uchun bizdan ham rasman uzr so‘rashingiz kerak, aslida!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter