Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiyot markazi o‘tkazgan davlat xaridida qing‘irlik aniqlandi

Tibbiyot markazi o‘tkazgan davlat xaridida qing‘irlik aniqlandi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan o‘tkazilgan davlat xaridi bekor qilindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, agentlik tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasida Toshkent viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi  buyurtmachiligidagi 796 000 000,0 so‘mlik tibbiy asbob-uskunalar uchun 2023 yil 10 fevral kuni o‘tgan davlat xaridida O‘zbekiston Respublikasi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasi (Raqobat va xolislik prinsipi), 23-moddasi ( Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi) 14-moddasi (Manfaatlar to‘qnashuvi), 42-moddasi (Ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari) va 46-moddasi (Davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilganligi aniqlandi.

Jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etgan talabgorlar yaqin qarindosh aka-ukalarga tegishli bo‘lgan, ya’ni o‘zaro affillanganligi holatlari mavjud.

Shuningdek, mazkur davlat xaridi bo‘yicha Xarid komissiyasi tomonidan foydalangan kompyuterlarning IP-manzillari ma’lumoti o‘rganilganda xarid komissiyasi raisi, a’zolari (ovoz berib baholash vakolatiga ega) va komissiya kotibi 2023 yil 10 fevral kuni soat 21:05 dan 21:11 gacha, ya’ni o‘rtacha 6 daqiqa vaqt ichida IP-manzili bir kishiga tegishli bo‘lgan kompyuter orqali boshqarilib, xarid natijalari baholanganligi va bayonnoma rasmiylashtirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi, shuningdek, holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘rovnoma kiritildi.

Toshkent viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 2023 yil 13 fevral kuni Agentlikka taqdim etilgan xatga ko‘ra, Agentlikning taqdimnomasida qayd etilgan kamchiliklar bartaraf etilib, Xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring