Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryo hokimi bilan janjallashgan direktor yetti sutkaga qamalgan

Surxondaryo hokimi bilan janjallashgan direktor yetti sutkaga qamalgan

Oliy sud matbuot xizmati Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan majlisda tortishgan maktab direktori borasida bayonot berdi. Unda aytilishicha, direktor yetti sutkaga qamalgan. 

Aytilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining 2023-yil 26-iyuldagi qarori bilan U. Tursunova (1982-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, Sariosiyo tumanidagi 28-sonli maktab direktori vazifasida ishlaydi) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (bir necha huqubuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash) 2-qismiga asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2023-yil 28-iyuldagi qaroriga muvofiq U. Tursunovaga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi tomonidan 2023-yil 26-iyulda chiqarilgan qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023 yil 1 avgustdagi ajrimiga ko‘ra U. Tursunovaga nisbatan birinchi va apellyasiya instansiya sudlari chiqargan qarorlari o‘zgartirilib, unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 324-25-moddasi (ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘rish) talabi bo‘yicha kassatsiya instansiyasi sudi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni Oliy sud raisi, Bosh prokuror yoki ularning o‘rinbosarlari kiritgan protestga ko‘ra kassatsiya tartibida takroran ko‘radi. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish haqidagi protest kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi chiqarilgan kundan e’tiboran olti oylik muddatda keltirilishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring