Sug‘urta sohasini qanday o‘zgarishlar kutmoqda?
Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston prezidentining 2019-yil 5-apreldagi farmoyishi bilan tasdiqlangan Fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Mazkur Konsepsiyada amaldagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligini yanada takomillashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Jumladan, sug‘urta, jumladan o‘zaro sug‘urtalash (mulkni va boshqa mulkiy manfaatlarni o‘zarolik asosida sug‘urta qilish) institutining rivojlanishi uchun ixtiyoriy badallar investitsiyasidan doimiy daromad olishni nazarda tutuvchi shart-sharoitlarni yaratish, shartnoma munosabatlaridagi cheklovlarni olib tashlash va shartnoma erkinligini kengaytirish nazarda tutilgan.
Haqiqatdan, sug‘urta munosabatlarini tartibga soluvchi Fuqarolik kodeksining 52-bobida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini talab qiluvchi bir qancha kamchiliklar va bo‘shliqlar mavjud. Jumladan, shaxsiy, mulkiy va o‘zaro sug‘urtaning rivojiga, shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilishga to‘sqinlik qiluvchi, fuqarolik qonunchiligi bilan emas, balki tomonlar kelishuvi bilan belgilanishi lozim bo‘lgan, bir-birini takrorlovchi yoki bir-biriga zid bo‘lgan, shartnoma erkinligini cheklovchi normalarni misol qilish mumkin. Shuningdek, sug‘urta sohasida AKTdan foydalanish uchun qonunchilik bazasini yaratish zaruriyati ham paydo bo‘lgan.
O‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmuni
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sug‘urta bobiga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin:
- Dastlab sug‘urta tushunchasiga ta’rif berilib, sug‘urta ixtiyoriy yoki majburiy bo‘lishi mumkinligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilandi.
- Hozirda elektron hujjat aylanishi fuqarolik munosabatlari sohasida ham rivojlanmoqda va bu sug‘urta sohasida AKTdan foydalanish uchun qonunchilik bazasini yaratish zaruriyatini ko‘rsatadi. Shu sababli sug‘urta shartnomasi sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta qildiruvchiga uning yozma, og‘zaki yoki elektron arizasiga binoan sug‘urtalovchi imzolagan sug‘urta polisini topshirish yoki uning elektron pochtasiga yuborish yo‘li bilan tuzilishi mumkinligi taklif etildi.
- Keyingi o‘zgartirishlardan biri sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan shartlar sifatida sug‘urta tovoni miqdorini aniqlash tartibi va sug‘urta muddati qat’iy belgilanishidir. Chunki sug‘urta tovoni miqdorini aniqlash tartibi barcha hollarda shartnomaning muhim shartlaridan biri bo‘lishi kerak. Shuningdek, sug‘urta qildiruvchi sug‘urta muddati davomida sug‘urta tovonini to‘lash majburiyati mavjudligi sababli sug‘urtalovchi va sug‘urta qildiruvchi o‘rtasidagi munosabatlarda sug‘urta muddati muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
- Loyihaga sug‘urtaning standart qoidalariga oid kiritilgan o‘zgartirishlar quyidagilardan iborat:
1) Sug‘urta qiluvchining iltimosiga ko‘ra sug‘urtalovchi shartnomaga (polisga) sug‘urtaning standart qoidalarini ilova qilishi lozim;
2) Sug‘urta shartnomasi tuzilayotganda sug‘urta qildiruvchi sug‘urta shartnomasining standart shaklida yoki yozma so‘rovda sug‘urtalovchi tomonidan oldindan ma’lum qilingan ma’lumotlarni sug‘urtalovchiga xabar qilishi shart.
- Shuningdek, sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta shartnomasidan muddatidan ilgari voz kechgan taqdirda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda sug‘urta mukofotining bir qismini olishga haqli ekanligi belgilandi.
- Loyihada sug‘urta hodisasi sug‘urta qildiruvchi, naf oluvchi yoki sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta hodisasi yuzaga kelishiga qaratilgan qasd qilishi oqibatida yuz bergan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lashdan ozod qilinishi belgilandi. Sug‘urtalovchini ushbu Kodeks yoki boshqa qonunlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda, sug‘urta tovonini va sug‘urta pulini to‘lashdan ozod qilinishi belgilandi.
- Asossiz boyish ehtimolini istisno qilish maqsadida shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta puli olgan sug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalangan shaxs yoki naf oluvchi yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxsdan zararni qoplashni talab qilishga haqli emasligi belgilandi. Bunda Gruziyaning huquqiy tartibga solish tajribasidan foydalanildi. Shuningdek, qayta sug‘urtalovchi asosiy sug‘urta shartnomasi qoidalariga muvofiq qayta sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovoni to‘lashni rad qilishga haqli emasligi nazarda tutildi. Ushbu qo‘shimcha orqali sug‘urtalovchi va qayta sug‘urtalovchi o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish, shuningdek sug‘urtalovchining, xususan milliy sug‘urtalovchilarning manfaatlarini himoya qilish maqsad qilingan.
- Fuqarolik kodeksining sug‘urta bobiga kiritilgan muhim o‘zgarishlardan biri bu o‘zaro sug‘urta institutini takomillashtirilishidir. Jumladan, 960-modda tahririy jihatdan “ikki tomonlama sug‘urta” “o‘zaro sug‘urta” deb nomlandi va o‘zaro sug‘urta qilish jamiyatlari mol-mulk hamda boshqa mulkiy manfaatlarni sug‘urta qilishni amalga oshiradi va iste’molchilar kooperativi shaklidagi tijoratchi bo‘lmagan tashkilot hisoblanishi nazarda tutildi. Shu bilan birga o‘zaro sug‘urta faoliyati bilan bog‘liq quyidagi normalar belgilandi:
O‘zaro sug‘urta jamiyati o‘z a’zolari yoki boshqa shaxslarning ixtiyoriy badallari hisobidan investitsiya rezerv fondini tuzishga, ustavda belgilangan tartibda investitsiya faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
O‘zaro sug‘urta jamiyatining investitsiya faoliyati natijasida oladigan daromadlari sug‘urtalovchilarning mulki bo‘lib, undan sug‘urta narxini pasaytirish, jamiyatning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash yoki boshqa ustav maqsadlarida foydalanilishi mumkin.
Agar zarar miqdori sug‘urta mablag‘lari va investitsiya faoliyatidan olinadigan daromadlar hajmidan oshsa, o‘zaro sug‘urta jamiyatining a’zolari jamiyat ustavida belgilangan tartibda qo‘shimcha badallar kiritadilar.
O‘zaro sug‘urta jamiyati tugatilgan taqdirda, qolgan mol-mulk jamiyat fondiga o‘tkaziladi.
Qonunda o‘zaro sug‘urta jamiyatlari faoliyatining boshqa xususiyatlari ham belgilab qo‘yilishi mumkin.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, moddaning amaldagi tahriri ikki tomonlama sug‘urta jamiyatlarining imkoniyatlarini cheklaydi va ularning faoliyatini rivojlantirishga hissa qo‘shmaydi. Shu sababli hozirgi kunda O‘zbekistonda faqat 3 ta ikki tomonlama sug‘urta jamiyatlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Moliyaviy inqiroz boshlangandan keyingi 10 yil ichida o‘zaro sug‘urta mukofotlari umumiy sug‘urtaning o‘sishiga (17%) nisbatan 30% ga o‘sgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘zaro (ikki tomonlama) sug‘urta kompaniyalari shaxsiy sug‘urta shartnomalarini tuzish huquqini, shuningdek ixtiyoriy badallarning investitsiyalaridan doimiy daromad olish imkoniyatini taqdim etish taklif etiladi. Bunda AQSh, Kanada, Yaponiya va boshqa rivojlangan davlatlarning tajribasidan foydalanildi.
Kutilayotgan natijalar
Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar sug‘urta bozorining rivojlanishida, o‘zaro sug‘urta institutining kengayishida, sug‘urta munosabatlarida shartnoma erkinligini ta’minlanishida huquqiy asos vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, o‘zgarishlar mazmuni sug‘urta sohasida AKTdan foydalanish, tomonlar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarning oldini olishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Adiba Safarova,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti mas’ul xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter