Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud zalidan ozod qilingan kelinchak yana aybdor deb topildi

Sud zalidan ozod qilingan kelinchak yana aybdor deb topildi

2020 yil 21 iyun. Andijon viloyati Asaka tumanida 9 yoshli norasida qiz o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirib ketiladi.

Ushbu shov-shuvli jinoyat ishini Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi olib borib, jinoyatni marhumaning qo‘shnisi Asroraxon Hamdamova sodir etgan deb topadi.

Ammo, hali bir yoshga to‘lmagan chaqalog‘i bo‘la turib, 10 oy umrini qamoqda o‘tkazgan andijonlik kelinchak sud zalidan aybsiz deb ozod etiladi.

U va uning advokati jurnalist bilan suhbatda tergovdagi qiynoq, nohaqliklar va dalillarning soxtalashtirilgani haqida so‘zlab bergani yana bir shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

Biroq, Asroraxon Hamdamovaning birinchi instansiya sudida oqlangani uning shu ish bo‘yicha javobgarlikdan to‘la xalos bo‘lganini anglatmasligini o‘shanda ma’lum qilgan edik. Sababi sud hukmi hali kuchga kirmagan edi. Bundan tashqari, prokuratura protest berishi ehtimoli ham yo‘q emasdi.

Shunday bo‘ldi ham. To‘qqiz yashar qizning qotilligida ayblanib, sud tomonidan oqlangan A.Hamdamovaga oid hukmga nisbatan prokuratura shu yilning may oyida protest bergandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati bugun, 26-noyabr kuni tarqatgan xabariga ko‘ra, Asrora Hamdamova Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismi va boshqa moddalar bilan aybli deb topilib, unga nisbatan uzil kesil 12 yil 4 oy 24 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanlangan.

Voqealarning bunday tus olishi ushbu chigal ish bo‘yicha qator savollarni hamon ochiq qoldirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring