Soliqchi va uning 14 nafar jinoiy sherigi sudda javob bermoqda

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo yig‘ilishida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev bank tizimidagi mablag‘larni talon-toroj qilish, bank xizmatlarini ko‘rsatish, ayniqsa, kredit ajratishdagi suiiste’molchilik holatlarini qattiq tanqid ostiga olganini aytib o‘tgandik.
Achinarlisi, ijtimoiy yo‘nalishga ajratilgan budjet mablag‘lari muhtojlarga yetib bormasdan, ayrim bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilinmoqda.
Birgina «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida so‘nggi ikki yilda aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 1,7 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilingan.
«Milliy bank»ning Shahrixon filiali rahbari R. va kassa mudiri D. 19 nafar fuqaro nomiga qalbaki hujjatlar tayyorlab, imtiyozli kredit mablag‘laridan 378 mln. so‘mini shaxsiy manfaatlari uchun o‘zlashtirib yuborgan.
O‘tgan ikki yilda mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganligi uchun 31 nafar soliq xodimlari ham jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Masalan, Dang‘ara tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari T. pul mablag‘larini naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh tuzgan. Uyushgan guruh boshqa fuqarolar nomiga 22 ta soxta firmalarni ochib, ularga norasmiy rahbarlik qilib kelgan.
Ushbu firmalarda 268 mlrd. so‘mlik noqonuniy pul aylanmalari amalga oshirilib, 19 mlrd. so‘m soliq to‘lovidan qochishga erishilgan, shuningdek jinoiy yo‘l bilan topilgan 200 mln. so‘m legallashtirilgan.
Hozirda T. va uning 14 nafar jinoiy sheriklari sudda javob bermoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter