Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash «xodimi» ikki yilga «uy qamog‘i» oldi

Sog‘liqni saqlash «xodimi» ikki yilga «uy qamog‘i» oldi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zini Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi «xodimi» deb tanishtirgan fuqaro Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi hukmi bilan 2 yilu 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini oldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat sudi sudyasi Nodir Ashurov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Shofirkon tumanidagi  Qalmoqon mahallasida yashovchi, mutlaqo tibbiyot sohasida ishlamaydigan 44 yoshli ayol L.N. endigina viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida auditor vazifasiga ishga qabul qilingan F.ni «yog‘liroq» ishga joylashtirish evaziga uni pora berishga dalolat qilgan.

 «Tanishlarim ko‘p. Seni RShTYoIM viloyat filialining «nevropatologiya» bo‘limiga nevrolog-shifokor vazifasida ishga o‘tkazaman. Xavotir olma, ishingni bir pasda «o‘xshataman», — degan va buning evaziga undan 1500 AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan.

Joriy yilning 30 yanvar kuni L.N. aytilgan miqdordagi pulni F.dan olgan. F. esa unga 1 500 AQSh dollari olgani va  o‘zini tez orada ishga qo‘yishini tasdiqlashi haqida tilxat yozib berishini  so‘ragan. L.N. mijozining «ishonchi»ga to‘la kirish uchun F.ning talabini bajargan. Shu vaqtning o‘zida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan L.N. ushlangan va pullar xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

L.N. hech e’tirozlarsiz aybiga iqror bo‘lgan. O‘zi sog‘liqni saqlash boshqarmasida ishlamasligi, tibbiyot sohasiga matlaqo begonaligi va vakolatli tanishlari ham yo‘qligini, pulga muhtoj bo‘lgani sababli shu yo‘lni tanlaganini bildirgan.

Unga Jinoyat kodeksi 25-(Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 168-moddasi (Firibgarlik)ning 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan. Shuningdek,  28-(Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddasi (Pora berish)ning 1-qismi bilan ikki yilu bir oy «uy qamog‘i»ga hukm qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring