Senat ikki qonunni ma’qulladi
Senatning o‘ttiz uchinchi majlisida senatorlar ishni yangi tahrirdagi «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunni muhokamasidan boshladilar.
Qayd etilishicha, qonunning qabul qilinishi bilan 18 mingdan ortiq standartlar majburiy tusdan ixtiyoriylikka o‘tadi. Shu bilan birga xalqaro, mintaqaviy va xorijiy standartlarni O‘zbekiston Respublikasida qo‘llash tartibi joriy etilmoqda. Bunda ular Milliy organning qarori bilan milliy standartlar sifatida o‘zgarishsiz qabul qilish orqali qo‘llaniladi.
Shuningdek, standartlashtirish sohasida muayyan muddatga qabul qilinadigan «dastlabki standart»ni (DS – Dastlabki Standart) qo‘llash tartibi joriy etilmoqda.
Turli xil idoralar kesimida standartlashtirish bo‘yicha ishlarni alohida-alohida olib borish amaliyoti bekor qilinib, standartlarni ekspertizadan o‘tkazish, tasdiqlash, ro‘yxatga olish, yangilash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolati standartlashtirish bo‘yicha Milliy organ – O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston Standartlar institutiga berilmoqda.
Senat yalpi majlisida «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi Qonun ham senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Yangi ishlab chiqilgan «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi Qonunda ko‘chmas mulkning turlari, ularga bo‘lgan huquqlar hamda cheklovlar, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ketma-ketligi, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va rad etish, kelib chiqadigan nizolarni sudgacha tartibda hal qilish va boshqa sohaga oid barcha munosabatlar huquqiy yechimi ko‘rsatilgan.
Qonun mavjud muammolarni bartaraf etibgina qolmasdan, balki fuqarolar va tadbirkorlarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish hamda ishonchli himoya qiluvchi, muhimi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etuvchi huquqiy hujjatdir.
Qonunning qabul qilinishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat tomonidan kafolatlanishi kuchayadi.
Muhokamalar yakunida ushbu Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter