Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Rayyona Qutlug‘» mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

«Rayyona Qutlug‘» mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: «Xabar.uz»

Juda ko‘p miqdordagi pullarni o‘zlashtirgan MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, 1991 yilda tug‘ilgan E.E. va 1988 yilda tug‘ilgan Z.G. 2022 yilning 10 yanvar kuni «Rayyona Qutlug‘» nomli mas’uliyati cheklangan jamiyatni tashkil qilib, 1 avgust kuniga qadar faoliyat olib borgan.

Shu davrda fuqarolarga avtomashina hamda uy-joylarni boshlang‘ich to‘lovni 10 foizdan 50 foizgacha miqdorda to‘lab, qolgan pullarni 40 ish kunidan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib to‘lash imkonini beruvchi shartlar asosida olib berishi mumkinligini bildirishgan.

Mijozlarni ishontirish maqsadida ular bilan shartnoma tuzishgan. Biroq MChJ mansabdor shaxslari fuqarolar tomonidan boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘langan pullarni, ya’ni dastlabki olingan ma’lumotga ko‘ra 2.000.000.000 (ikki milliard) so‘mdan ortiq miqdordagi pullarni noqonuniy ravishda o‘zlashtirishgan.

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi («O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Hurmatli fuqarolar! Agar siz «Rayyona Qutlug‘» MChJ faoliyatidan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz Mirobod tumani IIO FMBga yoki 102 raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz», deyiladi IIBB xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Rayyona Qutlug‘» firmasi yuzlab odamlardan turli miqdordagi pullarni yig‘ib, joriy yilning 4 avgust kuni firma rahbarlaridan biri hisob raqamda yig‘ilgan pullarni yechib, chet elga qochib ketgani xabar qilingandi. «Xabar.uz» muxbirlari firma ofisiga borib, holatni o‘rganish maqsadida videoreportaj tayyorlagandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring