Qo‘qondagi jinoiy guruh qotillik ham sodir etgan bo‘lib chiqdi
Qo‘qon shahrida odamlarni hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, o‘zgalarning mulkini bosqinchilik va o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilgan jinoiy guruh qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Sobiq ichki ishlar xodimi bosh bo‘lgan mazkur jinoiy guruh qotillik jinoyatini ham sodir etgan bo‘lib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi tomonidan ularga hukm o‘qildi, deb xabar qilmoqda «O‘zA».
Sudning hukmiga ko‘ra, M.Olimov Qo‘qon shahar IIB HOOB profilaktika noziri lavozimida ishlab kelgan davrda Sh. Nazarova bilan tanishib, sha’riy nikoh asosida uning xonadonida yashab kelib, qiz farzandli bo‘lishib, oila qurishga ahdlashgan bo‘lsa-da, onasi unga uylanishiga rozilik bermasdan, 2014-yil yanvar oyida onasining tavsiyasiga ko‘ra K.G bilan qonuniy nikohdan o‘tib, unga uylanadi.
Buni M.Olimov Sh.Nazarovadan yashirishga harakat qiladi. Ammo u bundan xabar topib, K.Gning ish joyiga borib u bilan o‘zaro janjallashadi va M.Olimov qonuniy turmush o‘rtog‘i K.G bilan yashashni davom ettirsa, uning jinoiy sheriklari bilan amalga oshirgan qonunga xilof ishlari va axloqqa zid qilmishlari haqida ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlariga topshirishni bildiradi. Shu bilan topshirmaslik evaziga 4 ming AQSh dollari berishni talab qilib, uni qo‘rqitib keladi.
Shundan so‘ng, M.Olimov, ukasi J.Olimov va sherigi A.Bakimatovlar bilan bir guruh bo‘lib, muqaddam sodir etgan jinoyatlarining fosh etilishini oldini olish uchun Sh.Nazarovani qasddan o‘ldirish harakatiga tushishadi. Ular 2014-yil 25-aprel kuni soat 00:18 larda Sh.Nazarovaning yashash xonadoni oldiga kelishib, uni mashinaga o‘tqizishadi. Ayol qabih niyatli bu kishilarning qo‘lida o‘lim topdi.
Shundan so‘ng, oldindan kelishuvga ko‘ra, mazkur qotillik jinoyatini yashirish maqsadida uning murdasini qabristonga olib kelishib, ko‘mib yuborishgan.
Oradan yillar o‘tib, ularning boshqa jinoyatlari yuzasidan olib borilayotgan tezkor tadbirlar davomida ushbu qotillik jinoyati ham fosh etildi.
Jinoyat ishlari Farg‘ona viloyati sudining hukmi bilan M.Olimovga avvalgi jazoni yangi jazoga qisman qo‘shilib, uzil-kesil o‘tash uchun 20 yil, J.Olimov va A. Bakimatovlarga esa 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi sudlanuvchilar M.Olimov va J.Olimovlarga uzil-kesil 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani aytilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter