Qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan maktab direktori o‘z lavozimiga tiklandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani 11-sonli maktab sobiq direktori Shomurod Ernazarov Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan noqonuniy ishdan bo‘shatilganligi haqida murojaat qilgan edi.
9 yillik rahbar tajribasiga ega fuqaro murojaatida g‘ayriqonuniy ishdan olinishi bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi shahar tumanlararo sudi hamda Qashqadaryo viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasiga da’vo arizasi kiritgani, lekin ular qaroridan norozi ekanligini yozgan.
Murojaatda qayd etilishicha, Sh.Ernazarov maktab direktori lavozimiga tayinlangan davrdan to 2020-yilgacha biror marotaba ham Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan intizomiy jazoga, xizmat yuzasidan ogohlantirish yoki ma’muriy javobgarlikka tortilmagan.
Mazkur murojaatni Ombudsman, fuqaro tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asosan o‘rganganida, uni ishdan bo‘shatishda asos sifatida keltirilgan hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagani, unda qalbaki ko‘rsatmalar mavjudligi hamda tegishli Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan mehnat qonunchiligini qator moddalari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga quyi instansiyalarning sud hujjatlarini bekor qilinishi hamda yangi adolatli sud qaror qabul qilinishi bo‘yicha Ombudsman xulosasi taqdim etildi.
Oliy sud sudyalari J.Tirkashev, R.Ismaylov va J.Rasulovlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Ombudsman xulosasi e’tiborga olinib, birinchi instansiya sudi va Qashqadaryo viloyati sudining ushbu xodim bo‘yicha chiqargan qarorlari bekor qilindi. Shuningdek, Shomurod Ernazarovni Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasining ishdan bo‘shatish haqidagi buyrug‘i noqonuniy deb topilib, sobiq direktorni o‘z lavozimiga tiklash bo‘yicha qaror qilindi hamda murojaatchiga, majburiy progul uchun 19 mln so‘mga yaqin kompensatsiya undirilishi belgilandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot kotibi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter