Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qonun hujjatlarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish zaruriyatmi?

Qonun hujjatlarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish zaruriyatmi?

Foto:«Norma.uz»

Jamiyatda insonlarning o‘z o‘rnini topishi uchun davlat ularga bir xil sharoit va imkoniyat yaratib berishi gender tenglikni ta’minlashda asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonun hujjatiga muvofiq qonun va huquq ijodkorligi sohasida yangi yo‘nalish – gender-huquqiy ekspertizasi joriy etildi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 martdagi 192-son Qarori bilan tasdiqlangan «Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom»da gender-huquqiy ekspertiza o‘tkazish tartibi belgilab berildi.

Gender-huquqiy espertizasi normativ-huquqiy hujjatlar va uning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish hisoblanadi. Adliya organlari qonun hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizasi doirasida gender tenglik prinsiplariga muvofiqligi va jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish holatlari vujudga kelishiga shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash yuzasidan hamda belgilangan talablarga muvofiq gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi mamlakatimiz norma ijodkorligida gender-huquqiy ekspertiza zarurmi? Mazkur zaruriyat shu jihati bilan asosliki gender-huquqiy ekspertizada o‘tkazishda normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarining gender tenglikka erishish sohasidagi davlat siyosatiga mosligi hamda mamlakatdagi joriy gender holat, loyiha qoidalarining xotin-qizlar va erkaklarning turli ijtimoiy-iqtisodiy holati va roliga ta’siriga e’tibor qaratiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar va uning loyihalarini tahlil qilishda jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish imkoniyati yaratilgan normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasi xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash prinsiplariga muvofiq emasligi aniqlanadi. Bunday hujjat loyihasini qabul qilish oqibatlari baholanadi. Normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, kamsitish xususiyatiga ega xavflar aniqlanadi. Ularni bartaraf etishga yo‘naltirilgan tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Gender-huquqiy ekspertiza yuzasidan xorijiy davlatlar tajribasi

Ispaniya

Ispaniyada 2007 yilda «Ayollar va erkaklar teng huquqliligini to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan bo‘lib, Ispaniya hukumati huzurida gender tenglikni ta’minlovchi komissiya tashkil etilgan. Mamlakatda gender tenglikni ta’minlashga oid strategik rejalarni qabul qilish, ayollar va erkaklarga davlat sektoridagi lavozimlarda ishlashga, siyosiy hayotda ishtirok etishga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosati amalga oshiriladi. Shuningdek, qonun hujjatlarining gender tenglikka ta’siri huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib baholanadi.

Avstriya

Mamlakatda 2013 yilda o‘tkazilgan federal budjet islohotidan so‘ng, parlament tomonidan normativ hujjatlarning erkaklar va ayollar o‘rtasidagi «haqiqiy» tenglik nuqtai nazaridan tahlilini, shuningdek barcha yangi qonunlar, qonunosti hujjatlar va boshqa yirik davlat loyihalarining gender guruhlariga ta’sirini baholash joriy etildi.

Belgiya

Mamlakatda «Gender tenglik to‘g‘risida»gi 2007 yilda qabul qilingan qonunga binoan, davlat boshqaruviga oid ishlab chiqilayotgan har bir qonun hujjatida gender tenglik sohasidagi strategik maqsadlar ko‘rsatilishi kerak. Bundan tashqari har bir qonun loyihasi yoki taklif qilinayotgan strategik dastur «gender ekspertiza» dan o‘tishi kerakligi va federal hukumat qonunchilik aktining birinchi qismida gender tengligi bo‘yicha strategik maqsadlarni o‘z ichiga olishi kerakligini belgilaydi. Qonunda ushbu bosqichlarni monitoring qilish va baholash ko‘zda tutilgan.

Gruziya

Mamlakat hukumati huzurida normativ-huquqiy hujjatlarni gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazuvchi Kengash 2012 yilda tashkil etilgan. Kengash qonun hujjatlarining gender tenglikka ta’sirini monitoring va baholashni ham amalga oshiradi.

Biz tahlil qilgan mamlakatlarda gender-huquqiy ekspertiza mazkur davlatlar qonunchiligining bir qismi hisoblanadi. Ya’ni bunday ekspertiza qonunchilik aktlaridagi jinsga oid kamsitishlarning har qanday turini bataraf qilishga qaratilgan.

O‘zbekiston norma ijodkorligida qonun hujjatlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi Adliya vazirligi tomonidan o‘tkaziladi. Bugungi kunda mamlakatimiz norma ijodkorligida qonun hujjatlari loyihalarining antikorrupsion ekspertizasi, gender-huquqiy ekspertizasini o‘tkazish joriy etildi. Huquqiy ekspertizalardan ko‘zlangan maqsad normalar sifatini oshirish, huquqiy bo‘shliqlar yuzaga kelishini oldini olish, bir-biriga zid bo‘lgan normalarni bartaraf etishdir.

Dildora Anvarova,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti mas’ul xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring