Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘lga olish chog‘ida organ xodimiga tan jarohati yetkazgan valyutufurushga hukm o‘qildi

Qo‘lga olish chog‘ida organ xodimiga tan jarohati yetkazgan valyutufurushga hukm o‘qildi

Foto: AP

Hamid Qodirov (ism-sharif o‘zgartirildi) oqdaryolik. O‘zi istiqomat qiladigan ko‘cha boshida sartaroshxonasi bor. Sartaroshxona «valyuta do‘koni» vazifasini ham bajaradi.

Shu yilning 26-iyun kuni «do‘kon»ga «mijoz» keldi: «Dollar kerak edi?». Hamid ortiqcha shubhaga bormadi: «Qancha?»

«Mijoz»ning 28 million so‘mi bor ekan. H.Qodirov darhol hisoblashga tushdi: bir AQSh dollarini 8620 so‘mdan hisobladi. Shuncha puldan 416.000 so‘m chegirib tashlansa, 3200 «ko‘ki» kelar ekan. «Rozimisiz?». «Mijoz» biroz tortishib ko‘rdi, biroq naf bo‘lmadi. «Xohlasangiz — shu!».

Hamidboy pullarni barmog‘iga tuflab sanab o‘tirmaydi. «Veyron» rusumli pul sanash apparati bor. Sharrilab sanab tashladi.

Xullas, savdo pishib, pullar ayriboshlandi. H.Qodirov hammayoqni yig‘ishtirib, e-endi «Neksiya-2»ga o‘tirgan ediki, lop etib, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqdaryo va Ishtihon tuman bo‘limlari xodimlari paydo bo‘lsa-mi?!

O‘h, palakat, bular  yerdan chiqdimi yo osmondan tushdimi?

O‘zini darhol qo‘lga olgan H.Qodirov qochish tarodigiga tushdi. Qarshisida paydo bo‘lgan xodimlarni avvaliga o‘xshatib so‘kdi, so‘ng qarshilik ko‘rsatdi, «yetmay qolgan joyi»ga kuch ishlatdi. Qisqasi, voqea joyidan juftakni rostlashni uddasidan chiqdi.

Biroq qayergayam borardi?

...Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi B. Aliqulovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Jinoyat kodesining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olishi yoki o‘tkazishi) 3-qismi «v» bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi va 219-moddasi ( xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatish) 1-qismi bilan malkalangan H. Qodirovga oid «ish»  ko‘rib chiqildi. Qonun doirasida jazo tayinlandi. Daliliy ashyo sifatida olingan barcha valyuta qimmatliklari davlat egaligiga o‘tkazildi.

Sudlanuvchi jazodan rozimi? Rozi bo‘lsa, xulosa chiqaradi. Aks holda, yuqori bosqich sudiga shikoyat keltirishi mumkin. Bu yog‘i uning o‘ziga tan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring