Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qodirov ishi» figurantlari: ular kim va qanday lavozimlarni egallagan edi?

«Qodirov ishi» figurantlari: ular kim va qanday lavozimlarni egallagan edi?

Kollaj: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan hukm axborotidan ular sodir etgan jinoyatlar xususida muayyan tasavvurga hosil qilish mumkin.

Sudlanganlarning deyarli hammasi «... o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining «a» bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining «a» bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining «a» bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi» og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan.

Ular kimlar va qanday mansablarni egallagan edi?

Rashid Qodirov 15 yil Bosh prokurorlik kursisini hech kimga bermagani ma’lum. Undan avval Bosh prokuror o‘rinbosari, MXX Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Sudlanganlar orasida eng uzoq muddatga (19 yil!) «kesilgan» Ulug‘bek Sunnatov Bosh prokuraturaning iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i, Qashqadaryo viloyat prokurori, Bosh prokuror o‘rinbosari vazifalarini bajargan. Toshkent viloyati prokurori etib tayinlanganidan ko‘p o‘tmay, lavozimidan ozod etilib, so‘ng hibsga olingan.

O‘n uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan Jamshid Fayziyev ham o‘z vaqtida Bosh prokuraturaning iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyati prokurori, Bosh prokuror o‘rinbosari, hatto qisqa muddat Prezident Davlat maslahatchisi lavozimda ham ishlagan. Oxirgi ish joyi Toshkent viloyati prokuroriligi edi.

Sobiq bosh prokurorning yaqinlaridan bo‘lgan Ulug‘bek Xurramovning (14 yilga «kesilgan») tizimdagi asosiy faoliyati Bosh prokuraturaning iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasida kechgan: tergovchi, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i...

O‘n uch yil «olib ketgan» Laziz Musashayxov ham tizimning «eng yog‘li» joyida ishlagani aytiladi: u Toshkent shahar prokuraturasining iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limiga rahbarlik qilgan.

O‘n besh yil ozodlikdan mahrum qilingan Abdurashid Mirzayev prokuratura tizimida ishlamagan, u MXXning Toshkent shahar boshqarmasi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i edi. Uning «prokurorlarning jinoiy guruhi»da turishi otasiga bog‘liq. Uning otasi Mirag‘lam Mirzayev uzoq yillar Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlagan. U rasman «birinchi o‘rinbosar» bo‘lsa-da, «maqomi»ga ko‘ra sobiq Bosh prokurordan keyingi o‘rinda turgani aytiladi. «Antibiotik» laqabi bilan mashhur bo‘lgan M.Mirzayev va uning rafiqasi, «Yunusobod advokatlar kollegiyasi»si sobiq rahbari Muhabbat Mirzayeva sudlanuvchilar qatorida tilga olinsa-da, ularga qanday jazo berilgani Oliy sud axborotida ochiqlanmagan.

Shuningdek, sudlanuvchilar qatorida Ramazon Po‘latovning nomi ham uchraydi. R.Po‘latov sobiq Bosh prokuror iqtidorda ekanidayoq tizimdan ketib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi asnosida xalqaro Kurash assosiatsiyasi vitse-prezidenti sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan edi. Tizimda ishlagan paytda shahar prokurori, viloyat prokurori o‘rinbosari, viloyat prokurori, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Bosh prokuraturaning iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarini egallagan. Tizimdagi oxirgi ish joyi Jizzax viloyat prokurori o‘rinbosarligi edi.

Ramazon Po‘latov, Mansur Mirzayev (MXX Toshkent viloyat boshqarmasi bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Mirag‘lam Mirzayevning jiyani), Yusuf Goyipov (Bosh prokuratura bosh boshqarmasi sobiq boshlig‘i) va Muhabbat Mirzayevalarga nisbatan qanday jazo tayinlagani ham Oliy sud axborotnomasida ochiqlanmagan. Shuningdek, jinoiy guruh tomonidan davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zararlar miqdori haqida ham aniq raqamlar yo‘q.

Avval berilgan xabarlarda «Qodirov ishi» doirasida 24 nafar shaxs ayblanuvchi sifatida jalb etilgani aytilgandi. Ularning o‘n uch nafariga nisbatan, mana, hukm chiqdi.

Qolganlar-chi?

Bu haqda yaqin kelajakda xabardor bo‘lsak, ajabmas.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring