Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qalbaki hujjatlar muhr izlarini soxtalashtirishdan boshlanadi

Qalbaki hujjatlar muhr izlarini soxtalashtirishdan boshlanadi

Davlat organlari faoliyatida, mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy hayotida, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy hayotida turli yuridik faktlar, munosabatlar va hodisalarni tasdiqlovchi hujjatlar muhim o‘rin tutadi. Ular ma’lum huquqlarni ta’minlaydi, o‘z o‘rnida muayyan majburiyatlardan ham ozod qiladi, davlat organlari, xo‘jalik va jamoat tashkilotlari, muassasalari faoliyatidan kelib chiqadigan turli holatlarni tasdiqlaydi. Hujjatlarning qonuniy kuchini beruvchi hamda ularni ehtimoliy qalbakilashtirishdan himoya qiluvchi asosiy rekvizitlar imzo va muhr hisoblanadi.

Mas’ul shaxslar nomidan imzo va muhrlarni qalbakilashtirish davlat uchun ham, jamiyat uchun ham xavflidir. Jinoyatlarni tergov qilish jarayonida ko‘pincha ishda ashyoviy dalil bo‘ladigan, ya’ni jinoyat sodir etish yoki uning izlarini yashirish vositasi sifatida foydalaniladigan hujjatlarni ekspertiza qilishga to‘g‘ri keladi. Bunday holda, ko‘pincha tadqiqotning vazifasi hujjatning haqiqiyligini aniqlashdir.

Tashkilotning asl muhri bilan tasdiqlangan hujjat yuridik kuchga ega. Shaxsiy yoki kompaniya muhrining mavjudligi hujjatning haqiqiyligini tasdiqlaydi va hujjatning betakrorligini isbotlaydi. Muhr hujjatning rasmiy kuchga ega ekanligini ko‘rsatadi. Deylik, retseptdagi muhr dori aniq bir shifokor tomonidan yozilganligini tasdiqlaydi. Shuningdek, muhrga ega bo‘lish qo‘shimcha mas’uliyat va muayyan majburiyatlarni ham yuklaydi.

Jamoat va davlat tashkilotlari, yirik kompaniyalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar o‘z muhrlariga ega. Muhr va shtamplarning har bir turi uchun ma’lum talablar mavjud: turi, shakli, unda aks etishi kerak bo‘lgan majburiy ma’lumotlar shular jumlasidandir. Muhr kompaniya, tadbirkor yoki jismoniy shaxsning ehtiyojlari uchun buyurtma qilinadi. Shuningdek, muhr yo‘qolganda va dublikat kerak bo‘lganda yangi matritsaga buyurtma berilishi kerak. Boshqa holatda, hech bir hujjatlarsiz, asl muhrning iziga ko‘ra muhr tayyorlashga buyurtma berish ham mumkin. Tajribali usta bir kunda kerakli mahsulotni tayyorlab beradi.  

Muhr va shtamp izlarini sud eskpertizasidan o‘tkazish orqali jinoyat ishini ochishda ko‘mak beruvchi muhim jihatlar aniqlanadi. Bu holatlar asosan jinoyat sodir etilgan voqea detallarini oydinlashtiradi, jumladan, jinoyatni sodir etish usuli (hujjatdagi muhr yoki shtamp izlarini qalbaki ekani orqali aniqlanadi), sodir etilgan joy (aniq bir bosmaxonada shriftlar tayyorlangani aniqlanadi), ishga tushirilgan vaqti (hujjatdagi muhr izi taxminiy vaqtini aniqlash) ga oydinlik kiritish bilan ekspertiza huquq  tartibot organlari ishiga katta yordam beradi.

Ekspertiza orqali jinoyatning boshqa jihatlarini aniqlashga yordam beradigan faktlar ham yuzaga chiqadi. Masalan, jinoyat natijasidagi zararning o‘ziga xosligi va miqdori (qalbaki qimmat qog‘ozlar sonini aniqlash orqali) muhim jihatlar hisoblanadi.

Tajribamda muhr va shtamp izlari qo‘yilish usullarini aniqlash kerak bo‘lgan ko‘plab ishlarni ko‘rishga to‘g‘ri kelgan. Shunda eskpertning oldiga ko‘plab savollar ko‘ndalang turadi. Muhr hujjatda bevosita chizilganmi? U yagona nusxadami yoki boshqa hujjatdan nusxa ko‘chirilganmi? Yoki bo‘lmasa sanoatdagi klishe yordamida qo‘yilganmi?

Tasavvur qilish qiyin, lekin bor gap – firibgarning nomiga mas’ul tashkilotning xodimi ekani haqida guvohnomaga tayyorlangan. Guvohnomadagi muhr o‘rnida esa oddiy tanganing  O‘zbekiston Respublikasining gerbi qavariq tasviri bo‘lgan yuzasidan iz bosilgan. Boshqa bir holatlarda haqiqiy muhrda ishlatiladigan rangli siyohli printer yordamida soxta muhr qo‘yilgan, shuningdek, kompyuter texnologiyalari yordamida muhr izi «yaratilgan» holatlar ham bor. Bularning bari, jumladan, fotopolimer usuli bilan qo‘yilgan qalbaki muhr izlarini ham eskpertizada aniqlash imkoni mavjud.

U yoki bu hujjatni rasmiylashtirishda muhr yoki shtampga nisbatan boshqa rekvizitlar (imzo, yozuvlar va matn) joylashuvi ketma-ketligini har bir kishi bilishi kerak. Mavjud qoidaga ko‘ra, hujjatdagi imzo muhr bilan tasdiqlanadi, ya’ni avvaliga imzo qo‘yiladi, keyin esa imzo ustiga muhr bosiladi. Kimdir bu tartibga ko‘p ham e’tibor bermaydi. Lekin, o‘rinning almashinuvi, ketma-ketlikning buzilishi tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishini unutmaslik kerak.

Agar eskpertiza ma’lum bir hujjatning muhr orqali qalbakilashtirilganini isbotlasa va shaxs bu hujjatni tayyorlaganini rad qilsa, ekspert muhr va matnni joylashtirish ketma-ketligi haqida savolni oldiga qo‘yishi mumkin. Ehtimol, varaqqa avval muhr qo‘yilgandir. Keyin matn terilgan bo‘lishi ehtimolini nazardan qochirmaslik kerak. Buni aniqlash uchun blankadagi matn va muhr izi kesishmalarini o‘rganish kerak bo‘ladi.

Ayrim hollarda biror bir firma yoki xususiy korxona mas’ul xodimi o‘z muhrini hech narsa yozilmagan, oppoq, bo‘sh  blankaga bosib tayyor qilib qo‘yadi. Bundan kimdir qonunga xilof tarzda foydalanib qolishi, jumladan, katta miqdordagi qarz olish, qandaydir to‘lovlarni to‘lash va hokazo manfaatlarni ko‘zlashi mumkin. Ba’zan korxona rahbari muhrni qarovsiz qoldirgan hollar ham uchraydi. Qo‘l ostidagi xodimlar esa toza qog‘ozlarga muhrni bosib, keyin o‘z maqsadlari yo‘lida ana shu muhrli qog‘ozni qo‘llagan hollar ma’lum. Bunday rahbarlar o‘z xodimlariga shunchalar ishonadilarki, to katta bir zarar aniqlanmaguncha, shubha qilish xayoliga ham kelmaydi. Oxirida eskpertiza avval muhr qo‘yilganmi yoki matn yozilganmi degan masalani o‘rganishiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham muhr va shtamp bilan ishlashda hushyor bo‘lish, ularni saqlash va  ishlatishda jiddiy yondashish talab qilinadi.Biror hujjat borasida shabha paydo bo‘lganda yuridik shaxslar qatori oddiy vatandoshlarimiz sud eskpertizasi bo‘limlariga ham murojaat qilishlari mumkin. 

Nodira Fozilova,
Samarqand viloyat sud ekspertizasi xatshunoslik
va 
texnik ekspertiza bo‘limi yetakchi eksperti

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring