Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tgan gal Ortiqova qabuliga kirolmagan fuqaro yana urinib ko‘rmoqchi

O‘tgan gal Ortiqova qabuliga kirolmagan fuqaro yana urinib ko‘rmoqchi

Foto: Xabar.uz

Andijonlik kuydi-pishti jurnalist Nurullo No‘’monov sim qoqdi: «Bosh prokuratura rahbariyatida qabullar boshlanishidan darak bormi?».

Katta-kichik tashkilotlar rahbarlarining bir oyog‘i qabulxonada bo‘lishiga o‘rganib qolgan ekamiz, pandemiya sabab hammasi taqa-taq to‘xtadi. Jumladan, Bosh prokuraturada ham. Biroq jarayon to‘xtatib qolgani yo‘q: fuqarolar murojaatlari onlayn shaklda qabul qilinayotir. Shunga qaramay bunga ko‘nikish oson kechmayotganday. Ayniqsa, muammosi bor odamlarda. Ular dardini mutasaddi huzurida to‘kib solgisi keladi. Odamning yuzi issiq-da. Qolaversa, mehr ko‘zda ekanini pandemiya har qadamda eslatib turibdi. Zamonaviy texnologiyalar ming mo‘’jizaviy bo‘lmasin, jonsiz-hissiz matoh, jonli muloqot o‘rnini bosolmaydi baribir...

Shu o‘ylar bilan chalg‘ibmiz, go‘shakning u yog‘idan Nurullo ukamizning «alyo‘-o‘-o‘...» deyishidan xayol jilovlandi.

– Bevosita qabullardan hali darak yo‘q, hammasi virtual, inim. Tinchlikmi?

– Tunov kuni «Xabar.uz»da chiqqan maqolam bor-ku, o‘shaning qahramonlari Bosh prokuror yoki o‘rinbosarining qabuliga borishmoqchi edi, shunga so‘radim-da, aka...

«Qurilishdagi qirilishlar»ni aytyapsizmi?

– Ha, ha, o‘sha...

Darvoqe, davlat organlarida fuqarolar bevosita qabul qilinmayotgan bo‘lsayam joylarda ommaviy qabullar o‘tkazilyapti-ku?! Kuni kecha shunday tadbir Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tdi. Ozmuncha odamning murodi hosil bo‘lmabdi o‘ziyam. Ommaviy qabullarda Bosh prokuratura rahabariyatidan bitta vakil bo‘ladi. Andijondayam o‘tkaziladi degan gap-so‘zlar yuruvdi. Aniqlasakmi?

Darhol, Bosh prokuratura matbuot xizmati bilan bog‘lanildi. Darhaqiqat, ertadan Andijon viloyatida ommaviy qabullar boshlanar ekan. Unda Bosh prokuraturadan esa mahkama rahbari o‘rinbosari Svetlana Ortiqova qatnashishi bois safar jabduqlarini tayyorlab qo‘yibdi hatto.

– Aynan shu opaning qabuliga borishmoqchi edi, – dedi Nurullo yangilikdan xursand bo‘lib. – O‘tgan gal Andijonga kelganida turli bahonalar bilan qabuliga kiritishmagan ekan... Aytgancha, nasib qilib, maqola qahramonlari qabulga kirgudek bo‘lsa, saytda chiqqanini aytishsinmi?

– Maqolaga ko‘z tushgan bo‘lsa kerak.

Nurullo ishonqiramadi:

– Yo‘g‘-ye, Ortiqovada «Xabar.uz»ni o‘qirmidmi?!

Ukamizning pisandasidan so‘ng jichcha maqtangimiz kelib keldi:

– E, uka, o‘qiganda qandoq. Saytimizni hatto Bosh prokuror ham muntazam kuzatib boradi-ku...

– Yo‘g‘-ye?

– Ha-de. Mana, ko‘rasiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring