Olmaliq hokimining o‘g‘li (va boshqalar)ga oid jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov tiklandi
Toshkent viloyati Olmaliq shahar hokimi Usmon Rahimovning o‘g‘li Dilshod Ismoilov bir necha nafar sheriklari bilan bezorilik qilganiga oid videolavha tarqalganidan xabaringiz bor.
Ko‘p o‘tmay, voqelik Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida sodir bo‘lgani (2020-yil, 28-may), amaldorning arzandasi jinoiy sheriklari — 20 yoshli Mirbosit M., 19 yoshli Elmurod D., 20 yoshli Humoyun A.lar bilan bezorilik qilib, 56 yoshli Shavkat M. va uning 30 yoshli o‘g‘li Laziz M.ga tan jarohatlari yetkazgani, holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bo‘yicha «ish» ochilgani (2020 yil, 10 iyun) ma’lum bo‘lgandi.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga bildirishicha, janjal natijasida ota-bolaning biriga «yengil», ikkinchisiga «o‘rtacha og‘ir tan jarohati» yetkazilgani aniqlangan. Shuningdek, o‘sha paytda ota-bolalarning qo‘shnisi A. Akmalga (1977-yilda tug‘ilgan) ham «o‘rtacha og‘ir tan jarohati» yetkazilgani ekspert xulosasi bilan tasdiqlangan.
Biroq pandemiya sabab jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Joriy yilning 29-sentyabr kuni mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov tiklangan. Ayni paytda Yakkasaroy tumani IIO FMB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, hokimning o‘g‘li yaqinda «Tracker» rusumli avtomobilni poytaxt ko‘chalarida soatiga 150 km. tezlikda «bosgani» bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi.
Tarqalgan xabarlarda, u o‘tgan yili 8 marta, joriy yilda ham yana shuncha marta tezlikni oshirib, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgani qayd etiladi.
D. Ismoilov 20 yoshda bo‘lib, ma’lumoti o‘rta-maxsus, hech qayerda ishlamaydi, Yashnabod tumanidagi ko‘p qavatli uylarning birida ro‘yxatda turishi aytiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter