Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sudning sayyor qabullari. Raqamlar ortida nimalar bor?

Oliy sudning sayyor qabullari. Raqamlar ortida nimalar bor?

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Hafta yo‘qki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalaridan iborat guruh Xolmo‘min Yodgorov (rais o‘rinbosari) boshchiligida biror viloyatga bormasa. Avvalgi hafta oliy mahkama mutasaddilari Surxondaryoning ikki tumanida sayyor qabullar uyushtirib, yuzdan ortiq fuqaroning dardini tinglagan, bu jarayonda ancha-muncha odamning mushkuli oson bo‘lib, bir qancha mahkum ozodlikka chiqarilgani xabari berilgandi. Bu aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarnii aniqlash, ularni joyida bartaraf etish maqsadida o‘tkazilayotgan shunday tadbirlarning amaliy natijasi, albatta.

O‘tgan hafta shunday tadbir Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi va Kasbi tumanlarida o‘tkazildi. Oliy sud matbuot xizmatining xabar berishicha, sayyor qabullarda jami 99 nafar fuqaroning sudga oid murojaati tinglanib, 31 nafar murojaatchining arizalari viloyat va Oliy sud sudlov hay’atlarida ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi, 38 nafar murojaatchiga huquqlari tushuntirildi, 11 ta murojaat joyida hal etilib, 9 ta murojaat o‘rganishda ekanligi aytildi.

Raqamlarni gapirtirishda davom etsak, sayyor qabulda tashkil etilgan sud majlislarida 11 nafar fuqaro Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan axloq tuzatish jazosini o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 10 nafar fuqaroga JK 74-moddasiga asosan tayingan jazo yengilrog‘i bilan almashtirildi, 12 nafar fuqaro jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilib, oilasi bag‘riga qaytarildi.

Qanday xayrli ishlar, xo‘b savobli amallar, to‘g‘rimi? Biroq bularning hammasi raqamlar qabatida qolib ketayotgandek. Oliy sud o‘tkazayotgan sayyor qabullar xususida jonli-jonli materiallar yo‘q darajada. Mana, «...11 nafar fuqaro Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan axloq tuzatish jazosini o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilinibdi», xo‘p, ular kimlar, qanday jinoyat sodir etgan edi, ularga ozodlik ravo ko‘rilishiga qanday omillar asos bo‘ldi? Yoki 12 nafar fuqaro jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilib, oilasi bag‘riga qaytarilgan baxtiyorning quvonch-sevinchlariga o‘quvchilar ham sherik qilinsa-chi?

Buning uchun nima qilmoq kerak?

Sayyor qabullarni kengroq yoritish, raqamlar ostida insonlar taqdiriga yovuqroq boqish imkoniyatini beruvchi omillardan yanada ko‘proq foydalanish lozim, xolos. Sayyor qabullarga ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirokini ta’minlash buning eng maqbul yechimi ekanini ta’kidlashga hojat yo‘q. Bunday taklif Oliy sud rahbariyatining o‘zidan chiqadi ham. Taklifning tezroq amalga oshishi ikki tomon uchun ham ma’qul va maqbul ekani aniq: sud hokimiyati va OAV o‘rtasidagi hamkorlik shunday tadbirlarda yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring