«Noningizni tuya qilib beraymi?»
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudida ilgari ham bir necha marotaba firibgarlikda ayblanib, javobgarlikka tortilgan shaxsga navbatdagi hukm o‘qildi. U bu safar ham firibgarlikda ayblandi...
Jamol Ne’matov (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) uchun firibgarlik qariyb kasbga aylangan. Bu safar uning tuzog‘iga bank plastik kartochkasida pullarni naqd qilmoqchi bo‘lganlar ilindi. Bitta emas, bir nechta! Avvaliga u «mijoz»larning ishonchini qozondi: plastik kartochkalardagi mablag‘larini 10 foiz ustama haqi evaziga naqd pul qilib berdi... Bunda o‘zi ijarada ishlab kelgan Navoiy shahar Markaziy dehqon bozoridagi savdo do‘konidagi terminal juda qo‘l keldi. Ishonch qozonilgach, bu yog‘iga «ishlar yurishib» ke-yetdi. Avvaliga Zohir Tohirovning plastik kartochkasidagi yetti million so‘mni «gum» qildi. So‘ng Surayyo Po‘latovaning o‘n bir yarim million so‘mini... Alisher To‘xtayev-ku 18 305 200 so‘m tushdi. U yetaklab kelgan yana bir fuqaro esa ichida 6 538 000 so‘m bo‘lgan platik kartasini berib, pulniyam, kartasiniyam qaytab ko‘rmadi. Qisqasi, qisqa vaqt ichida bir necha fuqarolarning jami 48 743 000 so‘m pulini ko‘rdim demadi.
Biroq u qayoqqayam borardi?! Plastik kartalardagi pul qachon, qay vaqtda va qayerda yechilganini aniqlash qiyin bo‘lsayam mayli. «Bir» deganda aniqlanadi-ku...
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi uning qilmishiga pushaymonligi, oilali ekanligi va boshqa yengillashtiruvchi holatlarni e’tiborga olib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan 48 743 000 so‘m moddiy zarar summasini undirish bilan birga Jamol Ne’matovni 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
U. Samandarov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Navoiy viloyat sudi
mas’ul xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter