Navoiyda uy-joyi «snos»ga tushgan fuqaro ikki yil sarson bo‘ldi
Navoiy viloyati, G‘ozg‘on shahrilik uy-joyi «snos»ga tushgan fuqaroning huquqlari hokimlik aybi bilan bir yildan ortiq vaqt mobaynida e’tibordan chetda qolib kelgan. G‘ozg‘on shahar adliya bo‘limi aralashuvi bilan fuqaroga yetkazilgan 46 million 500 ming so‘mlik kompensatsiya undirib beriladigan bo‘ldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Sardor Safarov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, G‘ozg‘on shahrini kompleks rivojlantirish maqsadida shahar hokimining 2021 yil 5 yanvardagi K-04 sonli qaroriga ko‘ra, 4r232-sonli avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish borasida ishlar olib borilgan. Shu asosda marhum Yo‘ldosh Shodmonovga tegishli bo‘lgan uy-joyning 195 kvadrat metr yer maydonining 81.37 kvadrat metrini buzish haqida yozma ogohlantirish xati berilgan. Marhumning turmush o‘rtog‘i To‘xtagul Shodmonovaning o‘ziga yetkazilgan zarar va kompensatsiyani to‘lash haqidagi talablariga qaramay, shahar hokimligi tomonidan qonun hujjatlari qo‘pol ravishda buzilgan. Fuqaroning uy-joyi davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilib, huquqlari toptalgan. Uning uy-joyi oldindan baholatilmagan va uning qiymati aniqlanmagan.
«G‘ozg‘on shahar hokimligi hujjatlarida fuqaro foydasiga undiriladigan kompensatsiya miqdorini aniq ifoda etishning imkoni mavjud emasligi ko‘rsatilgan. Yashab turgan uyi baholanmay buzilgan fuqaro shahar adliya bo‘limiga murojaat qilib, uy-joyi uchun kompensatsiya to‘lanmaganligidan noroziligini bildirdi. O‘rganish davomida salkam ikki yildan buyon fuqaroning talablari qondirilmay kelinayotgani aniqlandi. Bu qonun talablariga ziddir», —dedi adliya bo‘limi boshlig‘i.
Adliya bo‘limi boshlig‘ining bidirishicha, Yer kodeksining 41-moddasida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlari huquqlarining buzilishi natijasida yetkazilgan zarar hamda ushbu Kodeksning 86-moddasiga muvofiq, boshqa barcha zararlar to‘la hajmda qoplanganidan keyin olib qo‘yilishi mumkinligi belgilangan.
Ushbu fuqaroga tegishli xususiy mulkning bir qismi davlat va jamiyat foydasiga olib qo‘yilganini tushunsa bo‘lar, ammo mutasaddilar aybi bilan «snos»ga tushgan uy-joy narxi baholanmagani qonunbuzarlikdir. Bu holatda kompensatsiya puli miqdori aniq emasligi vaji mutasaddilar uchun dastak bo‘lib kelgan. Adliya ish yurituvidagi ushbu qonunbuzilish holatiga oid hujjatlar Navbahor tumanlararo sudiga yuborildi. Sud G‘azg‘on shahar hokimligi tomonidan uyi buzilgan fuqaroga 46 million 500 ming so‘m undirib berilishi bo‘yicha qaror belgiladi», — dedi Sardor Safarov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter