Muttahamlik «sxema»si. Yo‘q qarzdorlik qanday qilib «bo‘yinga ilinadi»?
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) mutasaddilari uchun kecha boshqacha kun bo‘ldi. Bir tomondan Byuroning Samarqanddagi xodimi bilan bog‘liq ko‘ngilsizlik, ikkinchi tomondan sud qarori ijrosi jarayonida Andijonda sodir bo‘lgan voqelikka oid shov-shuvlar boshlangan paytda MIB rahbariyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun maxsus brifing o‘tkazayotgan edi.
Brifing «Kommunal sohadagi asossiz qarzdorliklar, ularning kelib chiqishi sabablari va bartaraf etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar» mavzuida ediki, mazkur tadbir tafsilotlari yuqorida qayd etilgan ikki voqelik shov-shuvlari ostida qolib ketayotgandek... Vaholanki, kechagi brifing ahamiyati jihatidan «ikkinchi plan»da qolib ketadigandigan emas. Axir unda aholi bo‘yiniga yo‘q joydan «ilib» qo‘yilayotgan qarzdorlik haqida gap ketdi.
Avvaliga izoh berildi: «asossiz (noreal) qarzdorlik» – bu ta’minotchi korxonalar tomonidan iste’molchilarga (aholiga) aslida yetkazib berilmagan energiya resurslari uchun «shaqqillatib» to‘lov hisoblanishi oqibatida paydo bo‘lgan (qarz) miqdoridir (jaydari tilda aytilganda, qip-qizil muttahamlik!). So‘ng bunday qarzdorlik yuzaga kelishi sabablari sanalib, eng asosiy omil tariqasida tizimdagi talon-torojliklar ko‘rsatildi. Ya’nikim, talon-torojlik qilingan tabiiy gaz yoki elektr puli aholiga «sochib yuboriladi».
Bunaqa «sxema» natijasida iste’molchi va ta’minotchi korxonalar o‘rtasida ozmuncha janjal bo‘lmayaptimi?!
Muammo yetilib-chirsillab, boz yuqori doiralargacha yetib borgach, hukumat topshirig‘i asosida (12.03.2018 y.) iste’molchilarga asossiz (noreal) hisoblangan qarzdorlikni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha Idoralararo qo‘shma farmoyish tasdiqlandi. Va shu asosda vaziyat jiddiy o‘rganishga kirishildiki, bunda asosiy yuk Majburiy ijro byurosiga tushgani ma’lum.
Mana, natijasi: o‘tkazilgan xatlovlarga ko‘ra, aholi gardaniga elektr energiyasi uchun 545 mlrd. so‘m, tabiiy gaz bo‘yicha 430,8 mlrd. so‘m asossiz qarzdorlik «ilib» qo‘yilgani aniqlandi. Umumiy hisobda Byuro organlari tomonidan foydalanilmagan energiya resurslari uchun iste’molchilarga asossiz hisoblangan jami 1 trln. 342 mlrd. so‘m noreal qarzdorlik yechilib, ularning huquqlari tiklandi. Aniqlangan suiiste’molchiliklar, talon-torojliklar bo‘yicha 146 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shu bilan muammoga yechim topildimi? Qayoqda! Samaraliroq chora topilmas ekan, «yo‘q joydan qarzdor»lik yana bo‘y ko‘rsataveradi. Shunday chora bormi? Ha.
Xo‘sh?
Ma’lumki, davlat rahbarining «Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilganiga uch yildan oshdi. Mazkur huquqiy hujjat bilan joylarda iste’molchilarning elektr energiya iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan (ASKUE) tizimiga ulanish jarayonlari boshlangandi. Hozirgacha Byuro ta’minotchi korxonalar bilan hamkorlikda respublikamizda 2 mln. 700 mingdan ortiq elektr energiyasi iste’molchilariga elektron hisoblagichlar o‘rnatilib, shundan 1 mln. 363 mingtasi avtomatlashtirilgan tizimga ulangan.
Jarayon nihoyasiga yetguncha «O‘zingga hushyor bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma» hikmatini tez-tez eslab turishga to‘g‘ri keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter