Milliy gvardiya maktab o‘quvchilari sumkasini nega tekshirdi?
Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda maktab o‘quvchilarining sumkalari Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan tekshirilayotganligi va bu xatti-harakatlar noqonuniyligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda.
Ushbu holat yuzasidan Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qildi. Bugun, 25-noyabr kuni taxminan soat 12:30 larda poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan «Do‘stlik» madaniyat va istirohat bog‘iga tashrif buyurgan mehmonlar, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari oddiy askarlar Z.Meliqo‘ziyev va M.Madaminovlarga murojaat qilishgan. Murojaat mazmun-mohiyati o‘smirlarning jamoat joyida «bombochka portlatgani» haqidagi shikoyatdan iborat edi.
Harbiy xizmatchilar zudlik bilan belgilangan joyga borib, u yerda uch nafar voyaga yetmagan bolani ko‘rishgan. Ikki nafar 5-sinf o‘quvchilari A. Sh. va R. Sh.lar pirotexnika vositalarini odamlarga, asosan, keksalar va ayollarga tashlagan. O‘smirlardan biri harbiy xizmatchilarning pirotexnika vositalarini ularga topshirish talabiga bir quti «bombochka» bergan, ikkinchisi uni sumkasiga yashirgan. Sumka ichidagi pirotexnika vositalari olib qo‘yilayotgan vaqtda mazkur holat fuqarolar tomonidan tasvirga olinib, internetga joylangan.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185-1-moddasiga muvofiq, pirotexnika vositalaridan foydalanish huquqbuzarlik deb topilib, buning uchun huquqbuzarlik ashyolari musodara qilingan holda jarima solishga sabab bo‘ladi. Voyaga yetmagan shaxslarning ota-onalari voqea haqida zudlik bilan xabardor qilingan.
Harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasining «Milliy gvardiya to‘g‘risida»gi qonunining 26, 27-moddalariga asosan harakat qilgan. Ularning xatti-harakatlarida qonun buzilishi va mansab vakolatlarini suiste’mol qilish holatlari kuzatilmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter