Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mehnat huquqlari buzilishi bo‘yicha bank-moliya sohasi yetakchi

Mehnat huquqlari buzilishi bo‘yicha bank-moliya sohasi yetakchi

Foto: «Google.com»

Adliya vazirligi mehnat huquqlari borasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Unga ko‘ra bu borada eng katta muammo bank-moliya va sog‘liqni saqlash sohasida ekani aniqlandi.

Vazirlik tomonidan aniqlanishicha, ish beruvchilar tomonidan xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etilishi ahvoli qoniqarli darajada emas. Masalan:

1. Qonunchilikka ko‘ra, 6 kunlik ish haftasida kunlik – 7 soat, 5 kunlik ish haftasida esa 8 soatdan ortiq bo‘lmagan ish vaqti belgilangan. Ish vaqtidan tashqari ishlashga faqat xodimning roziligi bilan va kamida ikki hissa miqdorida haq to‘langan holda yo‘l qo‘yiladi.

Bu kabi qoidalar Xalqaro mehnat tashkilotining «Ish vaqtini xaftasiga 40 soat davomida qisqartirish to‘g‘risida»gi Konvensiyasida ham nazarda tutilgan.

Biroq, so‘rov natijalari ayrim ish beruvchilar tomonidan bu talablar qo‘pol ravishda buzilganligini ko‘rsatdi. Masalan, ish vaqtiga rioya qilmaslik, dam olish va bayram kunlari ishga chiqishga majburlash holatlari ko‘proq bank-moliya (32,1%), ta’lim (30,5%) va sog‘liqni saqlash (28,2%) sohalarida mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hududlar misolida esa xodimning ish vaqtidan ortiq yoki dam olish va bayram kunlari qo‘shimcha mehnatga jalb etish holatlari ko‘proq Samarqand (40,5%), Andijon (34,5%) hamda Toshkent viloyatlariga (32,9%) to‘g‘ri kelishi qayd etildi.

2. Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida xodimning roziligisiz uning vazifasiga kirmaydiga ishga jalb etish taqiqlanishi belgilangan.

Biroq, xodimning roziligisiz uni vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlari hanuzgacha kuzatilayotganligi tashvishlidir. Bu kabi holatlar ko‘p hollarda moliya (19,3%) va xo‘jalik boshqaruvi organlarida (19,1%) hamda ta’lim tizimida (16,8%) uchrashini kuzatish mumkin.

3. Qonunchilik talabiga asosan, xodimning ish haqidan olib qolishga uning yozma roziligi bilan yoki sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Biroq, ish beruvchilar tomonidan xodimning roziligisiz uning ish haqidan ushlab qolinayotganligi holatlari hamon davom etayotganligini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ham e’tirozli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur turdagi qonunbuzilishlar ko‘pincha banklarda (23%), sog‘liqni saqlash (26,3%), moliya (23,9%) va ta’lim (20%) sohalarida uchrashligini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirokchilarning 16,6 foizi ish joyida mehnatni muhofaza qilish (xavfsizligi, hayoti va sog‘lig‘ini saqlash) choralari ko‘rilmaganligini ta’kidlashgan.

Vaholanki, Mehnat kodeksida xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish choralarini ko‘rish ish beruvchining asosiy majburiyatlaridan biri ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, «Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risida»gi konvensiyada ham bu borada qoidalar o‘rnatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ishchilarni ish joyida uzoq vaqt davomida saqlab qolishga majbur qiladigan ishlarni bajarishdan oldin ular uchun tegishli gigiyena sharoitlari va zarur tibbiy yordamni ta’minlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish, jumladan, vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni ta’minlash lozim.

Mehnat huquqlari buzilayotganligining yana bir sabablaridan biri sifatida fuqarolarning mehnat huquqlari bo‘yicha bilimlari yetarli emasligini ko‘rsatish mumkin. Jumladan, o‘tkazilgan test sinovlari natijasida kunlik ish vaqti normasini – 32%, xodimni qo‘shimcha ishga jalb qilish tartibi va to‘lov miqdorini – 32,1%, mehnat ta’tiliga chiqish tartibini – 29,1%, oylik ish haqidan ushlab qolish tartibini – 29,2%, kasaba uyushmalarining vazifalarini – 32,1% xodimlar bilmasligi ma’lum bo‘ldi.

Qayd etish lozimki, fuqarolarning mehnat huquqiga to‘liq rioya etilmasligi respublikada olib borilayotgan islohotlarga va O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi nufuziga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.

O‘z navbatida mazkur holatlar kelgusida ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasida turli nizolarning kelib chiqishiga, xodimlar tomonidan ishlar sifatsiz bajarilishiga, shuningdek, ularning sog‘ligiga jiddiy zarar yetishiga olib keladi.

Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi barcha korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlarini avvalo qonunlarga itoat etishga, qo‘l ostidagi xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etishga, shuningdek, mehnat munosabatlarini o‘zaro ishonch va hurmat ruhida barpo etishga chaqiradi hamda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxslar javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring