Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mash’um» 57-savolning yana bir «qurbon»i aniqlandi

«Mash’um» 57-savolning yana bir «qurbon»i aniqlandi

Foto: «UzReport.news»

Bugun yana bir talaba Davlat test markazini (DTM) sudga berib, yutib chiqqani haqida xabar tarqaldi. Bu safargi g‘olib Kamola Botirova bo‘ldi. Hisob bo‘yicha bu sanoqli oylarda DTMning sudda uchinchi bosh egishidir.  Biroz muqaddam buxorolik Sarvinoz Ibragimova, sal keyin jizzaxlik Davron Tursunov sudni yutib chiqqan edi.

Kamola 2018-yilda Toshkent davlat tibbiyot akademiyasiga hujjat topshirib, test sinovlaridan yetarlicha ball to‘plagani aytiladi. Biroq u to‘plagan ball kontrakt-to‘lov asosida talaba bo‘lishiga yetadi, xolos. Davlat granti asosida tahsil olishiga test savolidagi xatolik sabab bo‘lganini u ham sudda isbotlab beribdi. E’tiborlisi, o‘tgan ikkita jarayonida Toshkent davlat tibbiyot akademiyasida davlat granti asosida o‘qishiga tushov bo‘lgan Kamola Botirova ham, Toshkent tibbiyot pediatriya instituti «kontrakti»ga ham ilintirilmagan Davron Tursunov ham bitta savolning qurboniga aylangani oydinlashdi.

Ya’nikim, biologiya fanidan qo‘yilgan 57-savolining («Oziq zanjirida vidra (yirtqich hayvon), baliqlar, qisqichbaqasimonlar va suvo‘tlar bor. Uchinchi tartib konsumentlarining biomassasi 32 kg. bo‘lsa, oziq zanjiri barcha komponentlari iste’mol qilgan oziqning umumiy biomassasini (kg.) aniqlang?») aslida to‘g‘ri varianti yoshlar belgilaganidek «A» (35520) javobi bo‘lib, DTM mutasaddilari yopishib olganidek «S» ( 35552) variant emas edi.

Xullas, to‘g‘ri javob qaysi ekani isbotlandi. Endi munozaraga o‘rin yo‘q.

Sud qaroriga ko‘ra, DTM Kamola Botirovani Toshkent davlat tibbiyot akademiyasida davlat granti asosida tahsil olishini ta’minlashi shart bo‘lsa, Davron Tursunovni Toshkent tibbiyot pediatriya instituti talabalari safiga qo‘shib qo‘yishi shart. Boshqa yo‘l yo‘q.

Biroq qachon amalga oshiradi – bu savol hamon ochiq turibdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring