Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mansabdorlar faoliyati ustidan sud nazorati qanday o‘rnatiladi?

Mansabdorlar faoliyati ustidan sud nazorati qanday o‘rnatiladi?

2021-yil davomida Farg‘ona viloyati ma’muriy sudlari tomonidan davlat organlarining nechta qarori haqiqiy emas deb topildi? Mansabdorlarning xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topish yuzasidan qancha ariza va shikoyat  qanoatlantirildi? Qancha fuqaro va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi? Sud hujjatlarining o‘z  vaqtida ijro etilmasligi yuzasidan qanday chora-tadbirlar ko‘rildi? Quyidagi maqolada shu kabi dolzarb savollarga javob berilgan.

Mamlakatimizda o‘tgan besh yil mobaynida sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirish borasida tarixiy islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, asosiy vazifasi ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, fuqarolar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘lgan ma’muriy sudlarning tashkil qilinishi mamlakatimizda sud-huquq islohotlarini yangi bosqichga olib chiqdi.

Amalga oshirilgan barcha islohotlarning tadrijiy davomi sifatida jahon miqyosidagi jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida halqimizning faravonligini yanada oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida Prezidentimizning  2022-yil 28-yanvar kungi PF-60-sonli Farmoni bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi.

Ushbu Farmonda davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida,  ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirishga alohida urg‘u berilgan.

Bugungi kunga kelib ma’muriy sudlar jismoniy hamda yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasida yuzaga kelayotgan nizolarni hal etishga ixtisoslashgan sudga aylandi. Fuqarolar davlat organlari mansabdor shaxslarining qarorlari va xatti-harakatlaridan (yoki harakatsizligi) norozi bo‘lgan taqdirda buzilgan huquqlarini tiklash uchun ma’muriy sudlarga ariza bilan murojaat qilmoqdalar. Xususan, 2021 yilda Farg‘ona viloyati ma’muriy sudlari tomonidan fuqarolar va yuridik shaxslarning sudga taqdim qilgan 552 ta arizalari qanoatlantirilib, ularning buzilgan huquqlari tiklangan.

Shu jumladan, davlat organlarining 376 ta  qarorlari haqiqiy emas deb topilgan, davlat organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topish yuzasidan 149 ta ariza va shikoyat  qanoatlantirilgan.

Fuqarolar va yuridik shaxslar arizalariga asosan ko‘plab davlat idoralari qarorlari haqiqiy emas deb topish yoki xatti-harakatlarini (yoki harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risida hal qiluv qarorlari chiqarilgan. Sud qarorlariga asosan fuqarolarning davlat idoralarining noqonuniy qarorlari yoki xatti-harakatlari (harakatsizligi) oqibatida buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida muayyan harakatlarni amalga oshirish to‘g‘risida majburiyatlar yuklangan.

O‘zbekiston Respublikasi «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunining 10-moddasida qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shartligi,  sud hujjatini ijro etmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

Farg‘ona viloyat ma’muriy sudi tomonidan 2017-2020-yillarda ko‘rib tamomlanib, davlat tashkilotlariga majburiyat yuklash to‘g‘risida chiqarilgan sud hujjatlarining ijro etilishi ahvoli o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, ko‘rsatilgan davr mobaynida jami 1346 ta ish bo‘yicha davlat idoralari tomonidan sud hujjati ijro etilganligi haqida ma’lumotlar kelib tushmagan. Davlat idoralari tomonida sud hujjatlarining o‘z  vaqtida lozim darajada ijro etilmasligi fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Sud hujjatlarini ijro etmaslik bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida 1346 ta ish bo‘yicha davlat tashkilotlariga eslatma xatlari, 855 ta ish bo‘yicha prokuratura organlariga xabarnomalar yuborildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvar kungi «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-107-sonli Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra davlat organlari tomonidan sud qarorlarini ijro etilishi ustidan nazoratning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Xususan, Qarorga ko‘ra, davlat organlari yoki tashkilotlari ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha hal qiluv qarorini u qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir oy davomida ijro qilish hamda bu haqda ma’muriy sudga xabar berish; davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha sud hujjati ijro qilinmaganligi uchun davlat organlari yoki tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimasini qo‘llash; davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha hal qiluv qarorining takroran ijro qilinmaganligi uchun davlat organlari yoki tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan dastlab qo‘llangan sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash amaliyotini yo‘lga qo‘yish ko‘rsatilgan.

Mazkurga qarorga muvofiq fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, ayniqsa, ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish maqsad qilingan.

Doniyorxo‘ja Maxamatov,
Farg‘ona viloyat ma’muriy sudi raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring