Maktabda qurilish qilgan tadbirkorning arzi sudgacha yetib bordi
Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi «Akbarali» (nomi o‘zgartirilgan) MChJ rahbari bajarilgan qurilish ishlari uchun Baliqchi tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan mablag‘larni undirib berilishida amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, 2022 yilda tadbirkor va Baliqchi MMTB o‘rtasida Baliqchi tumanidagi 29-sonli maktab ta’lim muassasasida qurilish ishlarini bajarishga doir qiymati 305 mln so‘mlik pudrat shartnomasi tuzilgan.
Unga ko‘ra 30 bank ish kunida «Buyurtmachi» tomonidan bajariladigan ishlar umumiy qiymatining 30 foizi, ya’ni 91 mln so‘mni oldindan avans tariqasida «Pudratchi»ning hisob-raqamiga o‘tkazib berishi, qolgan 70 foizi, ya’ni 214 mln so‘mni «Pudratchi» tomonidan topshirilgan bajarilgan ishlar dalolatnomasi va bajarilgan ishlar qiymatlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar asosida 90 bank ish kunida o‘tkazib berishi belgilangan.
Jamiyat tomonidan 305 mln so‘mlik ishlar to‘liq bajarilganligi to‘g‘risida Baliqchi MMTB bilan 2022 yilda 1-sonli hisobvaraq-faktura, bajarilgan ishlar dalolatnomasi hamda ta’mirlash tugallangan ob’yektni qabul qilish dalolatnomasi imzolangan.
Biroq, tadbirkorga bajarilgan ishlar uchun to‘lov amalga oshirilmay, bu holat Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan shartnoma tuman g‘aznachilik bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagani va 2022 yil uchun xarajatlar smetasi tasdiqlanganidan so‘ng ta’mirlash ishlari bajarilganligi sababli qo‘shimcha mablag‘larni rejalashtirish imkoni bo‘lmagan deya izohlangan.
Biroq bajarilgan qurilish ta’mirlash ishlari qiymatini bugunga qadar to‘lab berilmasligi tadbirkorlik sub’yektining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida hamda budjet va xodimlar bilan o‘zaro hisob-kitoblarda turli muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsman tomonidan ushbu qarzdorlikni undirish bo‘yicha Izboskan tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilib, tadbirkorning qonuniy manfaatlari himoya qilindi.
Sudning hal qiluv qarori bilan tadbirkorga qarzdorlikni undirish belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter