Konstitutsiyaning asosiy kuchi - uning amalda ishlashidir
![Konstitutsiyaning asosiy kuchi - uning amalda ishlashidir](https://static.xabaruz.com/crop/6/0/720_460_95_608053195.jpg)
Konstitutsiya loyihasining 15-moddasiga kiritilayotgan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va mamlakatning butun hududida qo‘llanilishi normasi, huquqiy davlatning muhim va asosiy ko‘rinishlaridan biri desak, xato qilmagan bo‘lamiz.
Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi masalasi konstitutsiyaviy islohotlarning eng muhim va dolzarb vazifasi hisoblanadi. Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega ekanligi, uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi qoidasining konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilishi, Konstitutsiyaning yuridik kuchini yanada kuchaytirishiga sabab bo‘ladi. Ushbu qoidaning Konstitutsiya bilan mustahkamlanishi, uning xalqning xohish-istagisiz o‘zgartirib bo‘lmasligiga zamin yaratadi.
Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega ekanligi nimalar bilan izohlanadi?
Konstitutsiyaning oliy yuridik kuch ega ekanligi deganimizda, normativ-huquqiy hujjatlarning tizimida eng yuqori o‘rinda turishi hamda boshqa har qanday huquqiy hujjatlardan ustunligi tushuniladi. Demak, bir so‘z bilan aytganda mamlakatning huquqiy poydevorini ko‘rsatib beradigan, yurt taraqqiyotini kafolaydigan davlatning Asosiy qonunining huquqiy belgisidir.
Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega ekanligining muhim bir xususiyati, konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tartibining o‘ziga xosligidir. Konstitutsiyaning 127-moddasiga ko‘ra, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar tegishincha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun yoki referendum yo‘li bilan kiritilishi belgilab qo‘yilgan.
Qolaversa, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan. Mazkur normaga o‘xshash qoidalar Braziliya, Ukraina, Moldova, Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyalarida qayd qilingan.
Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan - to‘g‘ri ishlashi muhimmi?
Konstitutsiyada mavjud bo‘lgan normalar jamiyatdagi muhim muammolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solsagina, inson manfaatlariga xizmat qilsagina, uning yuridik kuchi, ta’siri seziladi va e’tirof etiladi. Konstitutsiyaviy islohotlarning eng muhim maqsadlaridan biri ham xalqning konstitutsiyaga bo‘lgan ishonchini kuchaytirish hamda konstitutsiyaviy yo‘l bilan ularning hayotiy masalayu, muammolarini hal etishdir.
Davlat rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda, barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar, fuqarolarning yangi konstitutsiyaviy norma va prinsiplarga og‘ishmay amal qilishi, Konstitutsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjat bo‘lishi shartligi, davlat organlari, ayniqsa, sudlar o‘z faoliyatida Konstitutsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi, uning normalariga asoslanib ish ko‘rishi zarurligiga alohida e’tibor qaratgan edilar.
Darhaqiqat, hozirgi muhokamada bo‘lgan konstitutsiya loyihasining asosiy e’tiborida insonni ulug‘lash va uning manfaatlariga xizmat qilish turibdi desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Ya’ni, konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Misol tariqasida, konstitutsiya loyihasining 27-modasida, sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Demak, hech kim sudning qarorisiz uy -joyidan mahrum qilinmas ekan. Shu vaqtgacha ko‘plab fuqarolarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan muammo, endilikda konstitutsiyaviy jihatdan o‘z yechimini topadi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Xorijiy davlatlar konstitutsiyalari misolida
Xorijiy mamlakatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Germaniya Konstitutsiyasining 1-moddasida, Rossiya Konstitutsiyasining 15-moddasi, Bolgariya Konstitutsiyasining 5-moddasi, Qozog‘iston Konstitutsiyasining 4-moddasi, Qirg‘iziston konstitutsiyasining 6-moddalarida konstitutsiya normalarining bevosita to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash tartibi belgilab qo‘yilgan. Germaniya Konstitutsiyasining 1-moddasida aytiladiki, quyida sanab o‘tiladigan asosiy huquqlar qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati uchun bevosita amal qiladigan huquq sifatida majburiydir, deb belgilab qo‘yilgan. Quyida deganda, fuqarolarning asosiy shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy huquqlarini nazarda tutadi.
Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinishini uchta xususiyatga qarab baholashimiz mumkin. Birinchidan, shaxsning konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishi; ikkinchidan, barcha sub’yektlarning konstitutsiyada belgilangan talab va majburiyatlarga rioya qilishi; uchinchidan, vakolatli davlat organlarining konstitutsiyaviy normalarini qo‘llashi va ijrosini ta’minlashi lozim.
Konstitutsiyaviy normalar tadbiq etilishining huquqiy kafolati
Konstitutsiyaviy normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlovchi asosiy organdan biri bu, Konstitutsiyaviy sud desak xato qilmagan bo‘lamiz. 2021 yil qabul qilingan yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning 82-moddasida, normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash to‘g‘risidagi ishlarni yuritish tartibi alohida belgilab qo‘yildi. Shu nuqtai nazardan ham, Konstitutsiyaviy sud faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bu, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini o‘rganish hisoblanadi.
E’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021 yilda Konstitutsiyaviy sudda 1 063 ta normativ-huquqiy hujjat o‘rganib chiqilgan. Shundan, O‘zbekiston Respublikasining 67 ta qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 67 ta farmoni, 227 ta qarori, 11 ta farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 574 ta qarori, Bosh prokurorning 28 ta buyrug‘i, mahalliy davlat hokimiyati organlarining 89 ta qarori Konstitutsiyaga muvofiqligi nuqtai nazaridan o‘rganib, tahlil qilingan va yakunda tegishli qarorlar qabul qilingan.
Yoki shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, avvalgi yillari Konstitutsiyaviy sudga bir yilda o‘rtacha 800-1000 murojaat kelgan bo‘lsa, yangi qonun qabul qilingandan keyin murojaatlar soni 1,5 mingga yetgan.
Darhaqiqat, konstitutsiyadagi normalar, ularni qo‘llash tartibini belgilovchi va rivojlantiruvchi alohida qonunchilik hujjatlarining mavjudligi yoki mavjud emasligidan qat’i nazar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi lozim. Bu orqali fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqlarini himoya qilish uchun asosiy huquqiy himoyani kafolatlab beradi.
Yakunda aytish lozimki, har bir fuqaro kundalik hayotida, o‘z haq-huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda Konstitutsiyamizdan kuch-quvvat olib harakat qilishi, unga tayanishi lozimligini anglashi lozim. Negaki, konstitutsiya barcha qonun hujjatlarining eng yuqorisida turuvchi Asosiy qonun ekanligini fuqarolar o‘z hayotlarida xis qilishlari lozim.
Sherzod Zulfiqorov,
Jamoat xavfsizligi universiteti professori, ekspert guruhi a’zosi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter