Kenjayevning qotilligida ayblanayotganlarga nisbatan hukm o‘qildi
O‘tgan yilning 8-avgust kuni Toshkent shahar Yunusobod tumani, A.Qodiriy ko‘chasi, 1-a-uyda joylashgan «Aurum» tungi klubi kirish eshigi oldida mudhish jinoyat yuz bergani haqida o‘z vaqtida xabar berilgan edi. O‘sha kungi mudhish jinoyat natijasida erkin kurashchi Jamshid Kenjayev vafot etganidan ham ko‘pchilikning xabari bor.
Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ayni shu jinoyat yuzasidan ayblanayotganlar — Shodali Qilichov, Saidazim Kamoldinov, Alijon Xamrayev va Jahongir Yorqulovlarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgan edi.
Bugun, 2019-yil 13-mart kuni mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili A.Obidovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, sudya Sarvar Karimov raisligida bo‘lib o‘tgan sud yakuniga ko‘ra, Sh.Qilichov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «v», «j» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni, S.Kamoldinov, A.Xamrayev va J.Yorqulovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Natijada sud hukmiga asosan Sh.Qilichovga 18-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi. S.Kamoldinov, A.Xamrayev va J.Yorqulovning har biriga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Manfaatdor tomonlarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter