Katta miqdordagi pulni talon-toroj qilgan amaldorlar sud qilinmoqda
Andijonda 5,6 mlrd. so‘mdan ziyod miqdorida mablag‘ talon-toroj qilinganlikda ayblanib ushlangan amaldorlar va MIB ijrochisi sud qilinmoqda.
Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tuman sudida M. M. (1983 yilda Buloqboshi tumanida tug‘ilgan, Andijon viloyati IIB Moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – moliya ta’minot xizmati boshlig‘i lavozimida ishlagan), D. A. (1983 yilda Andijon tumanida tug‘ilgan, Andijon viloyati IIB Moliya ta’minot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari - buxgalteriya hisobi va hisobot bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan), Sh. A. (1984 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan, MIB Andijon shahar bo‘limida davlat ijrochisi lavozimida ishlagan) va Sh. M. (1987 yilda Xo‘jaobod tumanida tug‘ilgan, Andijon viloyati IIB Moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi moliyaviy ta’minot xizmati buxgalteriya hisobi va hisobot bo‘limi hisobchisi lavozimida ishlagan) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.
Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a», «g» bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Xususan, dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra jinoyat oqibatida jami 5,6 mlrd. so‘mdan ziyod miqdorida mablag‘ talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Sud jarayoni davom etmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter