Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jizzax hokimining sobiq o‘rinbosari A.Rahmonqulovga nisbatan sud hukmi o‘qildi

Jizzax hokimining sobiq o‘rinbosari A.Rahmonqulovga nisbatan sud hukmi o‘qildi

Akram Rahmonqulov

Bugun, 29 dekabr kuni Toshkent viloyat sudida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Akram Rahmonqulov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi S. Ashirmatov raisligida ko‘rib chiqildi.

Sud hukmiga ko‘ra, Akram Rahmonqulov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari, 184-moddasi 3-qismi, 189-moddasi 1-qismi, 205-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari, 207-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida ya’ni, 111 500 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, ushbu jinoyat ishiga aloqador 30 nafarga yaqin shaxslarga ham tegishli jazolar tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, «Jizzaxcha tenderlar-2. Oilaviy pudrat, bir necha yuz milliardlik davlat buyurtmalari» sarlavhali maqolada Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari Akram Rahmonqulovning qarindoshlariga taalluqli bo‘lgan xususiy kompaniyalar aksariyat davlat buyurtmalarini o‘zaro «taqsimlab olgan»i qayd etilgandi.

Undan avvalroq Jizzax viloyati hokimi farmoyishi va uni bajarish viloyat rahbari qiziga tegishli korxonaga yuklatilgani bilan bog‘liq xabarlar tarqalgandi. Ko‘p o‘tmay, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur voqea yuzasidan bayonot berdi, lekin o‘rganish natijalari ma’lum qilinmadi.

Jizzaxda yangi qurilgan ko‘p qavatli bino qulab tushishi hodisasidan ko‘p o‘tmay, viloyat hokimi o‘rinbosari Akram Rahmonqulov ishdan olingan va uning o‘rniga yangilari tayinlangandi.

Keyinroq Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Akram Rahmonqulov tuzgan jinoiy guruh haqida gapirib o‘tgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring