Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jizzax hokimining sobiq o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Jizzax hokimining sobiq o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Hisob palatasi tomonidan Jizzax viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi buyurtmachiligidagi qurilish ob’yektlarida davlat xaridlari, davlat mulkini boshqarish hamda undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi o‘rganilgan.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, davlat xaridlari jarayonlarining amalga oshirilishida affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjudligi, bunga tegishli mansabdor shaxslar tomonidan qonuniy munosabat bildirilmagani, tanlov hujjatlarini soxtalashtirganlik kabi holatlar aniqlandi.

Qayd etilishicha, tanlov komissiyasi a’zolari qurilish ob’yekti bo‘yicha tanlovda ishtirok etgan barcha talabgorlarning («Qurilish ta’minoti» ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi, «Kamol» ko‘p tarmoqli qurilish korxonasi va «Abduvohid Qurilish Ta’mir» MChJlar) 100% ulushi tanlov komissiyasi raisi (viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari) A.R.ning yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lganini bila turib, bunga biron-bir qonuniy munosabat bildirmagan va bayonnomaga bu haqdagi ma’lumot kiritilmagan.

Shuningdek, tanlov hujjatlarini o‘rganish davomida g‘olib deb topilgan «Qurilish ta’minoti» ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi mansabdor shaxslari tanlovda noqonuniy g‘oliblikni qo‘lga kiritish maqsadida korxona moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishchi xodimlarning qurilish sohasidagi ma’lumoti va ish tajribasi, shuningdek, tanlovda yuqori ball olishda inobatga olinadigan ma’lumotlarni qasddan oshirib ko‘rsatilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlarga hujjatlarni ko‘rib chiqqan xarid komissiyasi a’zolari qonuniy munosabat bildirish o‘rniga, yig‘ilish bayonnomalariga soxta yozuv va ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan qalbakilashtirib, korxonani asossiz g‘olib deb topishgani ma’lum bo‘lgan.

Yuqoridagilarning natijasida, tanlovda noqonuniy g‘olib bo‘lgan «Qurilish ta’minoti» ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi tomonidan ma’muriy binoning qurilishida bajarilmagan 1 mlrd.ga yaqin (905 mln. so‘m, yoki ob’yekt umumiy qiymatining 8%) qurilish ishlarini to‘lovga asos bo‘lgan hujjatlarida qo‘shib yozib kiritib, shu miqdordagi davlat budjeti mablag‘lari talon-toroj qilinganligi ma’lum bo‘lgan.

Mazkur hujjatlar bo‘yicha prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish yakunlari bo‘yicha Jizzax viloyatida qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish komissiyasi raisi A.R.ga, shuningdek, komissiya va boshqa tashkilotlar, xususiy korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi va 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, «Jizzaxcha tenderlar-2. Oilaviy pudrat, bir necha yuz milliardlik davlat buyurtmalari» sarlavhali maqolada Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari Akram Raxmonqulovning qarindoshlariga taalluqli bo‘lgan xususiy kompaniyalar aksariyat davlat buyurtmalarini o‘zaro «taqsimlab olgan»i qayd etilgandi.

Undan avvalroq Jizzax viloyati hokimi farmoyishi va uni bajarish viloyat rahbari qiziga tegishli korxonaga yuklatilgani bilan bog‘liq xabarlar tarqalgandi. Ko‘p o‘tmay, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur voqea yuzasidan bayonot berdi, lekin o‘rganish natijalari ma’lum qilinmadi.

Jizzaxda yangi qurilgan ko‘p qavatli bino qulab tushishi hodisasidan ko‘p o‘tmay, viloyat hokimi o‘rinbosari Akram Raxmonqulov ishdan olingan va uning o‘rniga yangilari tayinlangandi.

E’tiborlisi, Jizzax hokimining sobiq o‘rinbosari o‘tgan yili «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring