Jazoni ijro etish va probatsiya tizimi. Buyuk Britaniya tajribasi o‘rganildi
Ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, jazoni ijro etish va probatsiya tizimi faoliyatini tashkil etish borasida Buyuk Britaniya tajribasini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) kotibiyati vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasining (jami 4 kishi) mazkur mamlakatga tashrifi amalga oshirildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, tashrif Xalqaro penal islohotlar (Penal Reform International) tashkiloti Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakilligi ko‘magida tashkil etildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida 8 ta rasmiy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, Xalqaro penal islohotlar (PRI) tashkiloti Bosh ofisida ushbu tashkilot ijrochi direktori va bosh ofis vakillari bilan, Buyuk Britaniya Adliya vazirligida vazirlikning Probatsiya xizmati va Jinoiy-ijroiya tizimi rahbariyati va vakillari bilan, Buyuk Britaniya Parlamentida Lordlar Palatasi a’zosi, Xalqaro penal islohotlar (PRI) tashkiloti Faxriy Prezidenti bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Kent milliy probatsiya xizmatiga (National Probation Service Kent), Ijtimoiy reabilitatsiya markaziga (Community Rehabilitation Center), Bullingdon turmasiga tashrif buyurishdi va ushbu idoralar faoliyati bilan bevosita tanishtirildi.
O‘tkazilgan barcha uchrashuvlarda tadbir qatnashchilariga O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari tomonidan mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash, jazoni ijro etish va probatsiya tizimi faoliyatini samarali tashkil etish borasida amalga islohotlar natijalari batafsil tushuntirildi. Tadbir qatnashchilarining savollariga to‘laqonli javoblar berildi.
Buyuk Britaniya Parlamentida o‘tkazilgan uchrashuv yakunida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari – Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari A.Saydaliyev, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari S.Hamidullayev, Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati boshlig‘i o‘rinbosari I.Fozilov Markaziy Osiyo davlatlarida penal islohotlar rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Xalqaro penal islohotlar (PRI) tashkiloti Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakilligining birinchi yubiley medali bilan taqdirlandi.
Medallarni Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar Palatasi a’zosi, Xalqaro penal islohotlar (PRI) tashkiloti Faxriy Prezidenti Baronessa Viven Stern va tashkilotning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakilligi direktori A.Shambilov tantanali ravishda topshirdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda, milliy jazoni ijro etish va probatsiya tizimi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflar tayyorlanib, mutasaddi idoralarga o‘rnatilgan tartibda kiritildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter