«Jasliq»da past tomli, tizza bo‘yi suvli kameralar bo‘lganmi? Matbuot anjumanidan to‘liq reportaj (video)
O‘zbekiston Respublikasi milliy matbuot markazida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda IIV jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Qutbiddin Burxonov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrombek Adilov ishtirok etdi. Tadbir avvalida mutasaddilar avvaldan tayyorlab kelingan axborotni o‘qib berishdi.
— Jasliq koloniyasini yopish avval ham e’tirof etilganidek tarixiy qaror bo‘ldi. Bu tarixiy qaror nima beradi? Avvalombor jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning oila a’zolari mushkuli osonlashadi. IIV bir oy muddatda mahkumlarni sud tomonidan belgilangan tartibga muvofiq uyiga yaqin bo‘lgan koloniyalarga ko‘chirishi belgilandi.
Biz bir oy ichida topshiriqni bajarishga tayyormiz. Bu kabi xalqchil siyosat bugun boshlanmadi, Davlatimiz rahbari tomonidan 2018-yilda qabul qilgan qaror muhim qadam bo‘lgan edi. Mamlakatimizda avf etish instituti yo‘lga qo‘yilgan. O‘z xatosini anglab yetgan odamlar o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi. 2017 yilda bir marta, 2018-yilda 3 marta va 2019-yilda 1 marta afv e’lon qilinib, 4 mingdan oshiq mahbus uyiga qaytarildi.
Ilk avf etilganlar o‘z uyiga qaytganiga ikki yarim yil bo‘ldi. 2018-yilda ikkita jazoni o‘tash muassasasi yopildi. O‘zbekistonda 100 ming aholiga nisbatan 150 mahbus to‘g‘ri kelardi. Bu borada xalqaro reytingda 105-o‘rinni egallagan edik. Hozirda 100 ming aholiga 94 mahbus to‘g‘ri keladi.
Jasliq koloniyasi 1999-yilda qurilgan va eng zamonaviy koloniyalardan biri bo‘lgan. Koloniyada 1400 ta joy bor va ayni vaqtda 395 mahbus saqlanmoqda. Shundan diniy ekstremizm ayblovi bilan qamalgan 10 foizga yaqin mahbuslar bor.
Jasliq koloniyasini tugatishga bir qator holatlar sabab bo‘ldi. Xususan, koloniya tufayli xalqaro hamjamiyatda ham salbiy fikrlar tug‘ilayotgan edi. BMTning qiynoqlarga qarshi kurash qo‘mitasi bu qarorni O‘zbekistonda qabul qilingan tarixiy voqea, deb baholadi.
Jasliq koloniyasi Nukusdan 300 kilometr, Qo‘ng‘irotdan esa 180 kilometr uzoqlikda edi. Mahbuslarning yaqinlari borishi uchun 1 sutkadan ko‘p vaqt ketar edi. Yurtboshimiz mana shunday sabablarga asoslanib koloniyani yopish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
— Diniy ekstremizm bo‘yicha qamalgan mahbuslar O‘zbekistonda qancha ekanini ayta olasizmi? (Savol Rossiyaning RIA Novosti agentligi tomonidan berildi)
— Bu ma’lumot xuddi Rossiya federatsiyasida bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham mahfiy hisoblanadi. Jasliqda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlar saqlanar edi.
— Jasliqda qiynoqqa solish holatlari bo‘lganmi?
— Ayni vaqtda mahbuslarga nisbatan hech qanday qiynoq qo‘llanilmayapti. Men sizga aytishim mumkin bo‘lgan javob shu.
— Koloniyani yopilishi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgach ijtimoiy tarmoqlarda turli takliflar berildi. Koloniyaning taqdiri nima bo‘ladi? Uni muzeyga aylantirish mumkinmi?
— Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p takliflar berilyapti. Hamma o‘z fikrini bildiryapti. Bu yaxshi, albatta. Qarorni o‘qigan bo‘lsangiz, Jasliq koloniyasi Nukus shahridagi 2-sonli tergov qo‘mitasi balansiga o‘tkaziladi. IIV xuzurida maxsus komissiya tuziladi va Jasliq taqdiri hal bo‘ladi. Bir narsani aniq aytishim mumkin — Jasliqda qayta qamoqxona tashkil etilmaydi. Hozircha aniq javob shu.
— Diniy ekstremistlarning taqdiri nima bo‘ladi? Ular qayerga yuboriladi?
— Bizda ajratish bo‘lmaydi. Ular qanday jinoyat sodir etganidan qat’i nazar, bir oy muddat ichida qamalgunga qadar yashash joyiga yaqinroq bo‘lgan joyga o‘tkaziladi. Ammo faqat sud tomonidan belgilangan rejim bo‘yicha. Hamma narsa inobatga olinadi, yashash joyi ham, boshqasi ham. Bu o‘rinda diniy ekstremizm yoki boshqa jihatlar inobatga olinmaydi.
— O‘zbekistondagi mahbuslar qanday ishlar bilan ta’minlangan?
— Mahbuslarning ish bilan ta’minlanishi bo‘yicha shuni aytish mumkin, Prezident tashabbusi bilan 10 yanvarda o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida 5 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etish bo‘yicha topshiriq bo‘lgan. Ayni vaqtda bu topshiriqni bajarish uchun kredit ajratilgan. Bu kredit yangi texnologiya sotib olishga sarflanmoqda. Mahbus jazoni o‘tash jarayonida ishlashi, mehnat haqi olishi va hatto topgan pulini o‘z uyiga jo‘natishi ham mumkin bo‘ladi.
— Jasliq koloniyasida eng uzoq muddat o‘tash qancha bo‘lgan?
— Qonunan gapiradigan bo‘lsak, jazoni ijro etish tizimi uni qancha o‘tashni belgilamaydi. Bunday qaror sud tomonidan qabul qilinadi va o‘sha muddat jazoni ijro etish muassasida o‘taladi. Qonunchilikda belgilangan tartibda. Jasliqda eng ko‘p muddat o‘tagan mahbus haqida hech qanday ma’lumot bera olmayman. Hozir menda bunday ma’lumot yo‘q.
— Jasliq koloniyasida 1999-yildan buyon hozirga qadar qancha mahbus vafot etgan yoki og‘ir tan jarohati olgan?
— Bu bo‘yicha ham hozir menda ma’lumot yo‘q. Jazo muddatini o‘tash jarayonida jinoyat sodir etgan shaxs yosh yoki qari bo‘lishi mumkin. Orasida kasallikka chalinganlar bo‘lishi mumkin. Surunkali kasalliklar yoki yurak huruji kabi tabiiy o‘lim holati yuz bergan bo‘lishi mumkin.
— Jasliq — Yoshlik deganidir. Ammo bu koloniya O‘zbekiston imidjiga salbiy ta’sir o‘tkazib keldi. Jurnalistlarda imkoniyat bormi koloniyaga borib, mahbuslar bilan uchrashib, ulardan intervyu olish.
— Koloniya bir oy davomida ko‘chiriladi. Bunday vaqtda jurnalistlarni koloniyaga olib borish imkoniyati yo‘q. Faqat mahbuslar ko‘chirilgandan so‘ng shunday imkoniyat yaratish mumkin.
— Jasliqda faoliyat yuritgan xodimlar soni mahbuslarnikidan kam emas. Ularning taqdiri nima bo‘ladi?
— Hech bir xodim ishsiz qolmaydi. Biz bu masalani ham hisob-kitob qilib, yashash joyidan kelib chiqib, ularga ish topib beramiz. Qoraqalpog‘istonda yashab kelgan xodimlar o‘z yashash joyida qoladi. Boshqalar ham avvalgi yashash joyiga qaytarilishi belgilab olingan.
— Sobiq MXX raisi o‘rinbosari Shuxrat G‘ulomov va uning hamtovoqlari Jasliqda saqlanayotgan edi. Endi ular qaysi qamoqxonaga o‘tkaziladi?
— Qonunda belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Hozircha aniq emas.
— Diniy ekstremistik ayblov bilan qamalganlar biror qat’iy rejim asosida yuritiladigan koloniyaga yuboriladimi?
— Bizda bunday qamoqxonaning o‘zi yo‘q.
— Qorovulbozor borku!
— U yerga faqat retsidivist jinoyatchilar (qayta-qayta jinoyat sodir etganlar) yuboriladi. Diniy ekstremistik ayblov bilan qamalganlar borasida o‘zimizcha qaror qabul qilmaymiz. Belgilangan tartib asosida tegishli qaror qabul qilinadi. Jazo muddatini o‘tayotgan ham o‘zimizning fuqaromiz. Qayerdadir xatoga yo‘l qo‘yib, jinoyat qilgan bo‘lsa, jazosini o‘tamoqda. Davlatimiz rahbari eng avvalo inson manfaatlarini hammasidan yuqori qo‘ymoqda. Ochig‘ini aytganda, Jasliq koloniyasini yopishga qarshilik qilganlar ham bo‘ldi. Kerak, bunday zona, degan gaplar bo‘ldi. Ammo Davlatimiz rahbari hech narsaga qaramasdan yopish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
— Jasliqda 1999-yil, 16-fevralda bo‘lib o‘tgan voqealarga daxldor mahbuslar bormidi?
— Yo‘q.
— Hozir hamma sohada erkinlik bor. Rivojlangan demokratik davlatlarda qamoqxonadagi mahbuslarga diniy ibodat uchun sharoitlar yaratib beriladi. O‘zbekistonda mahbuslarga ro‘za tutishi yoki namoz o‘qishi uchun sharoit yaratib berilganmi?
— Avvalombor bu o‘rinda ichki tartib degan qoida bor. Agar ichki tartib halal bermasa, sharoit amalga oshiriladi.
— Javobni aniq bersangiz, sharoit bormi yoki yo‘q?
— Bizda nafaqat musulmon, balki boshqa din vakillari ham bor. Ularga bo‘sh vaqtida o‘zlari istagan ish bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratib beriladi. Ammo faqat ichki tartib asosida. Hamma mahbuslar kun tartibiga rioya qilishi shart.
— Biz bergan savol aynan musulmonlarga tegishli edi. Hatto Guantanmoda ham namoz o‘qish uchun sharoit yaratib berilgan. Aslida buning uchun katta sharoit yaratish ham shart emas. Shunchaki taqiqlanmasa bo‘lgani, mahbuslar ibodat qilib olishadi.
— Bu narsa taqiqlanmaydi. Hammaning o‘zining belgilangan bo‘sh vaqti bor. O‘sha vaqtda o‘zi istagan ish bilan shug‘ullanishi mumkin.
— Jasliq faoliyati uchun bir yilda qancha mablag‘ sarflangan? Umumiy hisobda.
— Bu ma’lumot yopiq turdagi hisoblanadi. Jasliqda ham boshqa koloniyalardagi singari mablag‘ sarflangan.
— Jasliqning yopilishi faqat imijmeyking bilan bog‘liqmi yoki IIVdan ham tashabbus chiqdimi? O‘zbekiston obro‘yini ko‘tarish masalasi bo‘lmaganda Jasliq yopilarmidi?
— Jasliqni yopish masalasi anchadan buyon ko‘tarilayotgan edi. Maqsad — jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar oila a’zolariga yengillik yaratish.
— Turli oqimlarga qo‘shilib qolgan mahbuslarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish bo‘yicha Jasliqda qandaydir ishlar bo‘ldimi?
— Bu borada ko‘p ishlar amalga oshirildi. Bu o‘rinda nafaqat IIV, balki keng jamoatchilik ham ishtirok etdi. Ularga mahbuslar bilan uchrashish imkoni berildi. Suhbatlar olib borildi va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.
— Bu yerda 10ga yaqin savollar berildi, ammo jurnalist sifatida aniq javob olmadik. Biz tadbirni qanday yozishga ham o‘ylanib turibmiz. Brifingni o‘tkazishdan asosiy maqsad nima o‘zi? Aniq javob olmagandan so‘ng matbuot anjumani nimaga kerak. Masalan, namoz masalasida aniq javob eshitishni istagan bo‘lardik. Jasliqning yopilishi O‘zbekiston imidjini oshirish uchun bo‘ldimi yoki boshqa sabab ham bormidi? Bu savollarga kimdir aniq javob beradimi?
— Brifing o‘tkazishdan maqsad — Prezidentimizning 2 avgustda qabul qilgan qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida joylashgan Jasliq koloniyasi yopilishi borasida edi. Biz shu mavzuga oid savollar kutgan edik. Ammo bu yerda berilgan savollarning barchasini ham ochiqlay olmaymiz. Biz faqat qonun doirasida ruxsat berilganlariga javob beryapmiz. Tadbirda jazoni o‘tash bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i Jamshid Sultonov ishtirok etyapti. Savollarga u javob beradi.
Jamshid Sultonov: Jurnalistlar tomonidan berilgan diniy ibodat bilan shug‘ullanishga sharoit yaratiladimi, degan savol noto‘g‘ri bo‘ldi. Agarda kun tartibida ibodat uchun vaqt ajratilganmi, desa, to‘g‘ri bo‘lardi. Jazoni o‘tash joyida faqat islom diniga e’tiqod qilingan mahbuslar jazo o‘tamaydi. Barcha uchun kun tartibi bir xil. Agar erta tongda turib, namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, yoki saharlik qilaman, desa va jazoni o‘tash muassasasi tomonidan unga sharoit yaratish uchun harakat bo‘lsa, kun tartibi buziladi. Tartib hamma uchun bir xil. Agar mahbus kun tartibini buzmagan holda ibodatini amalga oshiradigan bo‘lsa, unga jazo berilmaydi. Mahbus sahar turib namoz o‘qiyman, yoki kun davomida ovqat yemayman, desa, uni hech kim majburlamaydi.
Namoz birovga aytib o‘qiladigan ibodat emas. Namoz Yaratgan bilan bandasi o‘rtasidagi amal. Ibodatni kimgadir oshkor qilib amalga oshirish yaxshi emas. «Dil ba yoru dast ba kor», degan gap bor.
Jazoni o‘tash muassasalarida kun tartibini buzish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
— Jasliqda past tomli, engashib yuradigan, tizza bo‘yi suv turadigan kameralar bor, deyishardi. Shu rostmi?
— Yo‘q, mutlaqo yolg‘on. O‘tgan yili xalqaro hamjamiyatlar vakillari kelib, Jasliqni to‘liq o‘rganib ketishgan va sharoitlarga yuqori baho berishgan. Ko‘rishni istaydiganlar bo‘lsa, jurnalistlar uchun press tur o‘tkazilishi mumkin.
— Bitta odam 16-20 yillab o‘tirmagan, dedingiz. Ammo chiqishi yaqin qolganda qaysidir ayblov bilan muddat qo‘shib berilgani haqida xabarlar bo‘lib turardi.
— Siz aniq ism-familiya bering, biz aniq javob beramiz. Mavhum savollarga javob berishni istamaymiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter