«Jasliq»da YTH: ikki yuk avtomashina yonib ketdi, bir haydovchi vafot etdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani «Jasliq» posyolka fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 1009-1010 kilometrlari oralig‘ida yirik YTH sodir bo‘ldi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 2020-yilning 23-iyul kuni soat 18:05 da haydovchi 26 yoshli Sh.S. o‘zining boshqaruvidagi «DAF FT XF 105» rusumli yuk avtomashinada harakatlanib, avtomashina boshqaruvini yo‘qotadi. Natijada qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Ukraina fuqarosi 32 yoshli I.S. ning boshqaruvida bo‘lgan «VOLVO» rusumli yuk avtomashinasining chap yon tomoniga borib urilib, undan keyin harakatlanib kelayotgan Ukraina fuqarosi 29 yoshli Yu.K. boshqaruvidagi «VOLVO» yuk avtomashinasining oldi tomoniga urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.
Oqibatda «DAF FT XF 105» rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi Sh.S. hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan. Qolaversa, «DAF FT XF 105» hamda Yu.K. boshqaruvidagi «VOLVO»da yong‘in kelib chiqib, har ikkala yuk avtomashinasi butunlay yonib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter