Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV JIEBB «Shuhrat Dombrabadskiy»ga oid xabarlarga izoh berdi

IIV JIEBB «Shuhrat Dombrabadskiy»ga oid xabarlarga izoh berdi

Foto: videolavhadan skrinshot

Shu yilning 8 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Shuhrat Dombrabadskiy» nomi bilan mashhur mahkum Shuhratilla Nosirovga oid navbatdagi xabarlar tarqaldi. Unda avval tayinlangan jazolarni keragidan ortiq darajada o‘tab, ozodlikka chiqqan, biroq o‘tgan yilning kuz oyida yana 4 yilga «kesilgan» Sh.Nosirov jazosini ijro etish muassasasida «raskrutka» qilingani aytiladi.

Tarqalgan xabarlarga nisbatan Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi quyidagicha munosabat bildirdi: «...Mahkum Sh.Nasirov 12-son Jazoni ijro etish koloniyasiga joriy yilning 20 yanvar kuni keltirilgan. Koloniyaga etap orqali keltirilgan barcha mahkumlar O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2012-yildagi 174-sonli buyrug‘iga asosan komission tartibda qabul qilinib, to‘liq tintuvdan o‘tkaziladi. Tintuv vaqtida uning yonidan mahkumlar olib yurishlari va saqlashlari taqiqlangan 1 (bir) dona «BIG» soqol olish ustarasi, 1 (bir) dona «MAK-jilet» soqol olish ustarasi, uning 2 (ikki) dona kassetasi va 1 (bir) dona kesish tig‘i 2 sm bo‘lgan tamg‘alanmagan qaychi olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 111-moddasida «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etish, shuningdek ichki tartib qoidalarida taqiqlangan buyumlar va narsalarni saqlash, tarqatish, iste’mol qilish va ulardan foydalanish jazoni o‘tash tartibini qo‘pol tarzda buzish» deb hisoblanadi. Mahkum Sh.Nasirov ushbu hatti-harakati bilan mazkur tartibbuzarlik sodir etgan.

Alohida qayd etish kerak, koloniyaga etap orqali keltirilgan mahkumlarning yonlarida saqlashlari taqiqlangan soqol olish ustaralari alohida sumkaga solinib, koloniya ma’muriyati xodimlari tomonidan harbiy xizmatchilardan qabul qilib olinadi va faqatgina alohida ajratilgan sartaroshxonada mahkumlar foydalanishlari uchun beriladi. Foydalanib bo‘lishgach, shu joyning o‘zida maxsus qulflanadigan shkaflarda saqlanishi ta’minlanadi.

Mahkum Sh.Nasirovga nisbatan koloniya ma’muriyati tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-Ijroiya Kodeksining 105 va 106-moddalariga asosan koloniya boshlig‘ining 2020 yil 23 yanvar kunidagi 16-sonli qarori bilan «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

 Sodir etilgan tartibbuzarlik holati arxivlashtirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi JKning 221-moddasida «Ozodlikdan mahrum etish joyida jazo muddatini o‘tayotgan shaxsning jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmasligi yoxud ma’muriyatning o‘z faoliyatini amalga oshirishga boshqa to‘sqinlik qilishi, basharti, mahkumga nisbatan bir yil mobaynida jazoni o‘tash tartibi talablarini buzganligi uchun jazoni ijro etish koloniyasining karseriga o‘tkazish tariqasidagi jazo qo‘llanilganidan so‘ng ham takroran qo‘pol ravishda tartibbuzarlik sodir etsa» unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi nazarda tutilgan.

Lekin mahkum Sh.Nasirov koloniyaga keltirilganidan buyon unga nisbatan karser intizomiy jazosi qo‘llanilmagan va hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 221-moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asoslar mavjud emas».

Xabarda qayd etilgan «12 sonli JIEK (Jazoni ijro etish koloniyasi) boshlig‘iga mahkumning advokati so‘rovnoma jo‘natgan, ammo javob olmagan» jumlasiga IIB JIEBB axborot xizmati quyidagicha izoh keltiradi: «O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahar «SIMAY KOM» Advokatlik firmasining advokati U.S.Davlatovning so‘rovnomasi (2020 yil 3 fevraldagi chiqish raqami 26/01-05/1-son) 2020 yil 5 fevral kuni qabul qilinib, koloniya tomonidan 340-son bilan ro‘yxatga olingan. Unda «...mahkum Sh.Nasirovga nisbatan tavsifnoma va sud hukmi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini qancha qismini o‘taganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish» so‘ralgan. Bunga javoban, koloniya ma’muriyati 2020 yil 8 fevral kuni advokat U.S.Davlatovga 833-son chiqish raqami bilan javob xati yuborgan.

Mahkum Sh.Nasirov 2020 yil 23 yanvarda koloniyaga keltirilganidan buyon uning yaqin qarindoshlari sodir etgan tartibbuzarligini bekor qilishni so‘rab yoki boshqa sabablar yuzasidan koloniya rahbariyatiga murojaat qilmagan».

Pirovardida: «Koloniya xodimlari tomonidan mahkum Sh.Nasirovdan yoki uning qarindoshlaridan sodir etgan tartibbuzarligini bekor qilish, unga yengillik yaratib berish evaziga moddiy manfaatdorlik talab qilinmagan», deyiladi JIEBB axborot xizmati xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring