Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIBB «Malika»da fuqarolarning soqoli majburan olinganini rad etdi

IIBB «Malika»da fuqarolarning soqoli majburan olinganini rad etdi

Foto: Facebook

Bir necha kun muqaddam «Malika» savdo markazida soqolli fuqarolar bilan suhbat o‘tkazilgani va ularning soqoli majburan oldirilgani haqida xabar berilgan edi. IIBB matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, «Malika» savdo markazida «soqolni majburan hech kim qirmagan va qirmaydi ham».

«Ma’lum qilamizki, poytaxtda har yili shahrimiz aholisining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan «Xavfsiz hudud» tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, ushbu tadbirlar davomida jamoat joylariga, masalan Sayilgoh ko‘chasi, bog‘lar va hiyobonlar, ko‘ngilochar-savdo markazlari, bozorlar va hokazolarga alohida e’tibor qaratiladi. Ba’zi ob’yektlarda vaziyatni kuzatish uchun tashqi kuzatuv intellektual kameralaridan foydalaniladi. Ma’lumotlar bazasiga qidiruvda bo‘lgan shaxslarning biometrik pasportlaridagi ma’lumotlar, ya’ni tartib bo‘yicha ko‘zoynaksiz, bosh kiyimisiz va soqolsiz tushirilgan rasmlari kiritilgan.

23-24-avgust kunlari Shayxontoxur tumanidagi «Malika» deb nomlanmish savdo maskanida bo‘lib o‘tgan hodisaga to‘xtalsak. Darhaqiqat, u yerda ishlaydigan ba’zi shaxslar bo‘yicha o‘g‘rilik, o‘g‘irlangan qo‘l telefonlarini sotib olish va sotish faktlari asosida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Afsuski, bu kabi holatlar hanuz ro‘y berib turadi va ushbu savdo maskanida rasman va norasman ishlaydigan alohida shaxslar qonunbuzarliklarga aralashib qolishgan. Suhbatga taklif etilganlar soqoli bor yoki yo‘qlarga ajratilmagan, ammo ta’kidlash joizki, soqollilar u yerda ko‘pchilikni tashkil etadi.

Alohida fuqarolarga tashqi ko‘rinishlarini biometrik pasportdalaridagi rasmlariga muvofiqlashtirish tavsiya etilgan. Deyarli barcha ushbu iltimosni to‘g‘ri tushundi. Ko‘plar soqol qo‘yib yurish ular uchun muhim emasligini, balki vaqt yo‘qligi, modaga taqlid qilish va boshqa sabablarga ko‘ra soqollarini olmaganlarini ma’lum qilishdi.

Shu bilan birga qat’iy ma’lum qilamizki, yuqoridagi holatga diniy mazmunning hech qanday aloqasi yo‘q. Qolaversa, bu vaziyatda dindorlarning hissiyotlari bilan o‘ynashish, mazkur mavzuni bo‘rttirish noo‘rindir.

Hurmatli hamshaharlar va poytaxt mehmonlari! Jamoat tartibini saqlash va sizning xavfsizligingizni ta’minlash oson ish emas, aksincha, ba’zida ko‘p qirrali, xatarli bo‘lishi mumkin. Ko‘plab holatlar nozik bo‘lib, inson huquqlari va erkinligi, uning shaxsiy hayoti masalalariga borib taqalishi mumkin. Shu sababli ichki ishlar xodimlari oldilariga qonun (O‘zbekiston Respublikasi «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonuni, Jinoyat-protsessual kodeks) doirasida ish tutish vazifalari qo‘yiladi. Fuqarolarda ham huquqlardan tashqari Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, o‘zgalar huquqi, erkinligi, sha’nini hurmat qilish (O‘zbekiston Konstitutsiyasi 48-modda), ichki ishlar organi xodimi tomonidan vakolatidan kelib chiqqan holda qo‘yilgan qonuniy talablarini bajarish («Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasi) majburiyati mavjud», — deyiladi IIBB xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring